«Mahmudxo‘ja Behbudiy» badiiy filmi taqdimoti
«O‘zbekkino» Milliy agentligida agentlik buyurtmasiga binoan suratga olingan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” badiiy filmining ilk taqdimoti o‘tkazildi.
"O‘zbekkino" MA bosh direktori o‘rinbosari Shuhrat Rizayev taqdimot avvalida film yaratilishi tarixi haqida gapirdi. Behbudiy shaxsi va uning yosh-avlod uchun qilgan ishlari targ‘ibga muhtojligini, ushbu film esa, jadidchi allomani yaqindan tanishga yordam berishini ta’kidladi.
Taniqli dramaturg, publitsist, jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Behbudiy haqidagi filmda o‘sha davr tuzumi haqida achchiq haqiqatlar oshkor etilgan.
Kartina 18 yil oldin suratga olingan. Badiiy filmning namoyishi ba’zi sabablarga ko‘ra to‘xtatilgan. Oradan vakt o‘tib, mazkur badiiy film ustida qayta ishlanib, qo‘shimcha tasvirga olish ishlari amalga oshirildi.
“Mahmudxo‘ja Behbudiy” badiiy filmi buyuk ma’rifatparvar adib tavalludining 145 yilligi arafasida tomoshabinlarga havola etildi.
Ssenariy mualliflari Ulug‘bek Sodiqov va Baqo Sodiqov, rejissyor Baqo Sodiqov, ikkinchi rejissyor Muattar Mirrajabova, postanovkachi operator Ravshan Musayev, kartina direktori Fayzirahmon Usmonovdir.
Kartinada Faxriddin Shamsimatov, Afzal Rafiqov, Yayra Abdullayeva, Obid Yunusov, Mahmud Ismoilov, Furqat Fayziyev, Saidkomil Umarov, Ubaydullo Omon va Dilshodbek Kattabekov kabi aktyorlar rol ijro qilishgan.
Yozuvchi-shoirlar,adabiyotshunoslar, jurnalist va kinoshunoslar film yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi. Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida ko‘p qismli badiiy film ishlash taklifi aytildi.
D. Mamatova, O‘zA