Mahkumlarga berilgan navbatdagi imkoniyat...
Afv kishilar fazilatining eng goʻzal namunasi, oliyjanoblik belgisidir.
Afv kishilar fazilatining eng goʻzal namunasi, oliyjanoblik belgisidir. Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, qatʼiy iqrori sabab tuzalish yoʻliga oʻtgan shaxslarni afv etish orqali ularning hayotga boʻlgan umidini uygʻotish ezgu qalb bilan yashash hissini oshirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridandir.
Jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy viloyati sudi tomonidan joriy yil boshidan hozirga qadar amalga oshirilgan afv amallari insonlar taqdirida oʻzgacha ahamiyat kasb etib, yana bir imkoniyatdan unumli foydalanish tanlovini bermoqda. Tahlil natijalariga koʻra, joriy yil boshidan bugunga qadar afv etilgan shaxslarning 153 nafari jazodan toʻliq, 547 nafari jazoni oʻtash muddatidan oldin shartli ravishda ozod etildi. 227 nafariga tayinlangan jazo yengilrogʻi bilan almashtirilgan boʻlsa, 772 nafar ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslarning saqlash sharoiti jazoni oʻtash vaqtida oʻzgartirildi.
Mahkumlarni oqlash, ularning aybidan oʻtish, jinoiy ishni kechirish masalalari, avvalo, sud raislari tomonidan batafsil qonunchilikka binoan oʻrganib chiqiladi. Har qanday hujjat imzolanishida insonlar taqdiriga ijobiy va salbiy taʼsiri teran mushohada etiladi. Ayniqsa, jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi ham bunda muhim oʻrin tutadi. Ozodlikning cheklanishi, toʻrt devor orasida vijdon azobida, oʻz iztiroblari iskanjasida qolishning qanchalik ogʻir sinov ekanligini ongimizga singdirishning oʻziyoq qiyin. Inson oʻzligidan qochib qutila olmaydi va bundan ortiq jazoning oʻzi boʻlmasa kerak.
Sharq xalqlari orasida mashhur hisoblangan Kaykovusning “Qobusnoma” axloqiy nasihatnoma asari asrlar oshsa-da, oʻzining maʼnaviy jozibasini yoʻqotmagan. Xususan, unda keltirilgan quyidagi hikoyatda kechirimlilik, rahmdillikning goʻzal koʻrinishi aks etgan:
– Shundoq eshitibmankim, Muoviya (Umaviylarning birinchi xalifasi, 661-680-yillarda hukmronlik qilgan)ning zamonasida bir jamoa gunoh qildilarki, ularga oʻlim vojib erdi. Muoviya ularni oʻz oldida oʻldurmakka buyurdi. Ularning orasidin bir kishini oʻldurmak uchun kelturdilar. Ul kishi dedi: – Ey amir, bizlar oʻz gunohlarimizgʻa muqarrardurmiz. Har uqubat qilsang, bizlarga sazovordur. Ammo Xudo uchun mendin ikki kalima soʻz eshit va javobin bergʻil. Muoviya dedi: – Aytgʻil! Ul gunohkor dedi: – Barcha olamda sening halimkaraming, muruvvating haqida soʻz mashhur va muntashirdur (tarqalgan). Agar bizlar bu gunohni birorta berahm va zolim podshohning oldida qilsak, ul podshoh bizlarning haqimizda na ish qilur erdi? Muoviya dedi: – Men sizlarga na ish qilmoq boʻlgʻon boʻlsam, ul ham ushbu ishni qilur erdi. Ul kishi dedi: Sening shuncha halim, rahim va karimligingdin bizlarga na foyda boʻlgʻayki, garchi sen berahm va bemuruvvat podshohning qilgʻon ishin qilgʻaysan?! Muoviya dedi: – Agar bu soʻzni burungʻi oʻlgʻon kishi aytsa erdi, barchasin ozod qilur erdim, endi qolgʻonlarin afv qildim.
Afv – mehr-muhabbatni mustahkamlaydi. Jinoyatchini oʻzingdan nari itarsang, uni tuzatib boʻlmaydi, mahkumlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar hamda imkoniyatlardan maqsad, ularning hayotga moslashuvchanligini oshirish, jinoyatchilarning xavflilik darajasini susaytirish va toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirish, shuningdek, sodir etgan xatti-harakati qonunga zid va jinoyat ekanligi, pushaymonligi, aybiga iqrorligini ham aqlan, ham vijdonan tushunib yetishlariga koʻmaklashishdan iboratdir. Umid qilamizki, Navoiy viloyati Jinoyat sudi tomonidan mahkumlarga berilgan navbatdagi imkoniyat eshiklari va ishonch hissi oʻzini oqlaydi.
Akmal AKRAMOV,
Jinoyat ishlari boʻyicha
Navoiy viloyati sudi boʻlim boshligʻi