Mahkumlar kitobxonlik tanlovida ishtirok etdi
Prezidentimiz tashabbusi bilan jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyillari tobora keng qaror topmoqda. Mahkumlarga ta’lim olish, kasb-hunar egallash, ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini oshirish, kitob mutolaasi bilan shug‘ullanish va ozodlikka chiqqanidan so‘ng jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun zarur imkoniyatlar yaratilmoqda.
G‘amxo‘rlikning yorqin ifodasi sifatida respublika Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti ikkinchi mintaqaviy hududiga qarashli 6-son jazoni ijro etish koloniyasida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy yo‘nalishdagi ishlar holati o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili Jahongir Valiyev hamda ma’naviyat va ma’rifat sohasi mutasaddilari, xotin-qizlar faollari, “Adolat” sotsial demokratik partiyasi mas’ul xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar.

Uchrashuvlar davomida mahkumlarning axloqiy kamolotini yuksaltirish, huquqiy bilimlarini oshirish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish hamda ozodlikka qaytgach, jamiyatga foydali inson bo‘lib yetishishi uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishildi.
Ayniqsa, muassasada kitobxonlikka qaratilayotgan e’tibor diqqatga molik. Qamoqxona kutubxonasida 12 mingdan ziyod kitob fondi shakllantirilgan bo‘lib, mahkumlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, dunyoqarashi va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishi uchun keng imkoniyatlar bisyor.

– Mahkumlar o‘rtasida o‘qish uchun tavsiya etilgan 100 kitob ro‘yxati asosida mutolaani keng targ‘ib etishga alohida ahamiyat berilmoqda, – deydi “Adolat” partiyasi Namangan viloyati kengashi matbuot kotibi Muhiddin Imomadiyev. – Kitob o‘qigan va belgilangan tartibda bilim va dunyoqarashini namoyon etgan mahkumlarni rag‘batlantirish, ularga qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanish imkoniyatini yaratish ham kitobxonlikning inson tarbiyasidagi ahamiyatini yanada oshirmoqda.

O‘rganishlar doirasida, davlatimiz rahbarining kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va yoshlar o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirishga qaratilgan qaror-farmoyishlari ijrosi doirasida “Eng faol kitobxon” tanlovi ham o‘tkazildi. Unda ichki bosqichlarda g‘olib chiqqan kitobxon mahkumlar qatnashib, hakamlar hay’ati tomonidan berilgan savollarga o‘z bilim va dunyoqarashi asosida javob berdi.
Tanlovning yakuniy natijalari bo‘yicha, Nodir Otajonov faxrli birinchi, Navro‘z Ibrohimov ikkinchi va Otabek Qodirov uchinchi o‘rinlarga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari shaxsiy namunasi, tartib-intizomi va ijobiy xulqi bilan ajralib turgan bir guruh mahkumlarga tashakkurnomalar e’lon qilinib, rag‘batlantirildi.

Insonparvarlik tamoyillarining yana bir amaliy natijasi sifatida, 39 nafar mahkumga nisbatan afv qo‘llanildi. Shundan 29 nafari ozodlikka chiqarildi, 10 nafar mahkumning jazo muddati uchdan bir qismga qisqartirildi. Bu raqamlar zamirida inson taqdiri, uning oilasi, kelajagi va jamiyatga qayta integratsiyalashuvi mujassam.
Bugun jazoni ijro etish muassasalarida yaratilayotgan sharoitlar mahkumlarni faqat jazoni o‘tashga emas, balki o‘z xatosini anglash, bilim olish, kasb egallash, ma’naviy jihatdan kamol topish va hayotini yangidan qurishga qaratilmoqda.

Mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligi arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayrli ishlar yurtimizda inson qadri, adolat, mehr-oqibat va insonparvarlik tamoyillari tobora yuksak ahamiyat kasb etayotganidan dalolat. Binobarin, odamni jazolashdan ko‘ra, uni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, qalbiga ezgulik urug‘ini ekish va jamiyatga munosib inson sifatida qayta olib kirish yuksak insoniy fazilatlardan hisoblanadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.