Mahalliy xomashyodan tayyor mahsulot
Navoiy shahridagi “Edem Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tayyorlanayotgan mato-gazlamalar yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Navoiy shahridagi “Edem Textile” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tayyorlanayotgan mato-gazlamalar yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha subyektlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda. Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Tadbirkor Malohat Rahmonova ham yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalanib, ip-kalavadan tayyor gazlama ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Ayni paytda bu yerda kuniga 20 ming pogonometr gazlama tayyorlanib, ichki bozorga yetkazib berilmoqda.
– Dastlab 4 nafar ishchi bilan faoliyat boshlagan bo‘lsak, bugun ularning soni 20 dan oshib qoldi, – deydi M.Rahmonova. – Sanoat korxonalari va ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan sifatli gazlamalar tayyorlamoqdamiz. Bunda tijorat bankidan olingan 283 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i qo‘l keldi – 24 zamonaviy tikuv dastgohi keltirib o‘rnatdik. Endi o‘zimiz ishlab chiqarayotgan matodan turli choyshab va maxsus ishchi kiyimlar tayyorlashni o‘zlashtirdik.
Viloyatda Malohat Rahmonova kabi tadbirkor ayollar ko‘p. Bugun ular soni 4 ming 150 dan oshdi. 2015-yilda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklari tomonidan 45 milliard 900 million so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni yanada oshirish rejalashtirilgan.