Mahalliy ishlab chiqaruvchilar forumi
Namanganda to‘qimachilik va yengil sanoat sohasini rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish orqali ishlab chiqarish hajmi va eksportini yanada oshirish masalasiga bag‘ishlangan biznes- forum bo‘lib o‘tdi.
Namanganda to‘qimachilik va yengil sanoat sohasini rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish orqali ishlab chiqarish hajmi va eksportini yanada oshirish masalasiga bag‘ishlangan biznes- forum bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, viloyat hokimligi, Markaziy va tijorat banklari, yengil sanoat uskunalari va jihozlari ishlab chiqaruvchi bir qator xorijiy kompaniyalar vakillari, korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ular faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor o‘z samaralarini berayotgani ta’kidlandi.
Viloyatda to‘qimachilik va yengil sanoat yo‘nalishida 2009-2014-yillarda 11 loyiha amalga oshirilib, 31 million dollardan ziyod sarmoya o‘zlashtirildi. Shahar va tumanlarda 23 million dollardan ortiq investitsiya kiritilgan holda tikuvchilik yo‘nalishida zamonaviy kichik korxonalar tashkil etildi, natijada 5 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.
Shu davrda “O‘zbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi yigirmadan ziyod korxona tomonidan 144,4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Joriy yilning birinchi choragida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga ko‘ra, viloyatda 18 yangi ishlab chiqarish obyekti foydalanishga topshirildi. Shundan beshtasi to‘qimachilik sanoati va tikuvchilik yo‘nalishidagi loyihadir.
– Soha rivojida mahalliy xomashyo va mehnat resursining yetarliligi, qulay investitsion muhit va davlatimiz tomonidan yaratilayotgan keng sharoitlar muhim omil bo‘layotir, – deydi “Namangan momiq sochiqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari G‘iyosiddin Boboxonov. – Ikki yuzga yaqin ishchi mehnat qilayotgan korxonamizda 400 dan ziyod turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda va uning asosiy qismi eksportga yo‘naltirilmoqda.
Yil yakuniga qadar sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturiga ko‘ra, viloyatda 20 million dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirilib, 10 qo‘shimcha loyihani amalga oshirish va 600 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Tadbirda yengil sanoat uskunalari va jihozlari ishlab chiqaruvchi bir qator xorijiy kompaniyalar vakillari o‘z mahsulotlari ko‘rgazmasini namoyish etdi.