Mahallaning ichki ko‘chalari obod bo‘lmoqda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Tashabbusli byudjet” loyihasi mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini isloh qilish, mavjud moliyaviy imkoniyatlarni eng muhim masalalarga jalb etish, byudjet sarfi jarayonining shaffof va ochiqligini ta’minlash, qolaversa, mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, fuqarolarning jamiyat hayotida faol ishtiroki va daxldorlik hissini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Tashabbusli byudjet” jarayonining 2026-yil 1- mavsumida Marhamat tumanidagi ichki yo‘llarni asfaltlash bo‘yicha umumiy qiymati 9 milliard 878 million so‘m bo‘lgan 6 ta loyiha g‘olib deb topilgan edi. Ana shu loyihalar doirasida buyurtmachi tashkilot “Andijon mintaqaviy yo‘llar” davlat unitar korxonasi tomonidan tumandagi O‘qchi, Ko‘tarma, Qo‘rg‘oncha, Oqbosh, Qushchi, Shahriston mahallalarining 24 kilometr uzunlikdagi ichki ko‘chalari asfaltlanadi.
Ayni kunda qator mahallalarning ichki ko‘chalarini asfaltlash ishlari qizg‘in olib borilmoqda.
– Yurtimizning eng chekka hududlarida ham katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligidan qalbimiz faxrga to‘ladi, – deydi, “O‘qchi” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Odinaxon Hakimova. – Mahallamiz tumanning chekka hududlaridan biri hisoblanadi. Lekin bu yerdagi o‘zgarishlar, bunyodkorlik, aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar mahalla ahlini behad quvontirmoqda.

Tumanning O‘qchi mahallasidagi mavjud 659 xonadonda 3 ming 776 nafar aholi istiqomat qiladi. Keyingi yillarda mahalla infratuzilmasi tubdan yaxshilandi. Xususan, Katta O‘qchi, Toshloq-2, Bozorboshi, Beshkal ko‘chalarida har bir xonadonga ichimlik suvi tushirildi, elektr energiyasi ta’minoti yaxshilandi. Umuman, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Mahallaning Beshkal ko‘chasida yo‘l bilan bog‘liq muammo ko‘p yillardan buyon odamlarni qiynab kelayotgan edi. “Tashabbusli byudjet” loyihasi tufayli ushbu muammo ham to‘la hal etildi.
– Necha yillardan buyon hududimizdagi Beshkal mahallasining ichki yo‘llarini ta’mirlashga, asfaltlashga harakat qilib kelardik, – deydi mazkur ko‘chada yashovchi mehnat faxriysi Nozimjon Naziraliyev. – Lekin ijobiy natijaga erisha olmayotgandik. “Tashabbusli byudjet” tanlovining 1-mavsumida qatnashib, ko‘chalarimizni asfaltlash uchun 1 milliard 648 million so‘m yutib oldik, Hozirda mahallaning 3 ta ko‘chasi to‘la asfaltlandi. Mahalla ahli endi yo‘l muammosidan aziyat chekmaydi.

Ayni paytda yo‘lsozlar tomonidan loyiha doirasida mahallaning qator ko‘chalariga sifatli asfalt yotqizildi.
– Asfaltlash ishlari sifatli va o‘z muddatida bajarildi, – deydi “Andijon mintaqaviy yo‘llar” davlat unitar korxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Diyorbek Madrahimov. – Korxonamiz yo‘lsozlari tomonidan mahalladagi 4,3 kilometr uzunlikdagi 3 ta ko‘cha to‘la asfaltlandi.
Qariyb 20 yildan buyon asfaltlanmagan bitta, barpo etilganidan buyon umuman asfaltlanmagan ikkita ko‘chaning asfaltlanganligidan mahalla ahlining quvonchi cheksiz.
– Ko‘chalarimiz qishda loy, yozda chang, tuproq edi, – deydi mahallaning Beshkal ko‘chasida yashovchi, mehnat faxriysi Baxtiyorjon Davronov. – “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida ko‘chamiz asfaltlanganidan juda xursandmiz. Avvallari yomg‘ir yog‘sa ko‘chamizda yurishga qiynalar edik. Ayniqsa, yosh bolalar maktabga borib kelguncha tashvishda o‘tirar edik. Mana endi ko‘chalarimiz tekis, ravon, asfaltlangan. Ilohim, yurtimizdagi barcha ko‘cha va mahallalar obod bo‘laversin.


Bugun fuqarolarning faolligida o‘tkazilayotgan "Tashabbusli byudjet" mexanizmi tufayli nafaqat yo‘llarning sifati yaxshilanmoqda, balki aholi va transport vositalari uchun qulay va xavfsiz harakatlanish imkoniyati kengaymoqda, eng muhimi, ushbu loyiha mahalla obodonchiligiga munosib hissa qo‘shmoqda.

F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari