Mahallalarda iste’mol nazorat balansi shakllantirilmoqda
Bugungi kunda tabiiy gaz ta’minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, aholining ehtiyojini to‘liq qondirish va xizmat sifati ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada respublikamizda birinchilardan bo‘lib “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali tomonidan viloyat hududi bo‘ylab tatbiq etilayotgan “Avtomatlashtirilgan mahalla iste’mol nazorat-hisob balansi”ni joriy etish loyihasi o‘z samarasini bermoqda.
Filial axborot xizmati tomonidan “Tabiiy gaz ta’minotida mahalla iste’mol nazorat-balansining joriy qilinishi. Davlatobod tumani Yelxon mahalasi misolida” mavzusida tashkil etilgan press-turda ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarga yangi tizim haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, Namangan viloyati bo‘yicha tanlab olingan 12 ta mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi aholi xonadonlariga tortilgan mavjud har xil diametrdagi uzunligi 5421,7 kilometr yuqori va o‘rta bosimli gaz tarmoqlarini tartibga keltirish hamda bo‘yoqlash, qolaversa, aholi xonadonlaridagi mavjud gaz hisoblagich uskunalariga jami 2 ming 280 ta regulyator o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, bajarilgan ishlar natijasida viloyatdagi 13 ta mahallada yashovchi 7 ming 170 xonadonda tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanishiga, asosiysi 162,5 ming.m3 tabiiy gaz yo‘qotilishining oldi olishga erishildi.

Davlatobod tumanidagi “Yelxon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida gaz bosimi so‘nggi yillarda magistral tarmoqlardagi pasayish oqibatida uzilishlar ko‘zga tashlandi. Buning oqibatida “og‘ir hudud” toifasiga tushib qolgan hudud avtomatlashtirilgan gaz balansi doirasida ikki bosqichli tizimga o‘tkazildi. Mahalla bo‘yicha yagona tarmoq ishga tushirildi. Mavjud 488 aholi xonadonida tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida ushbu hududdagi mavjud 18,7 kilometr yuqori va o‘rta bosimli gaz tarmoqlari tartibga keltirildi.

– Yelxonda asosan qirg‘iz va o‘zbek millatiga mansub fuqarolar istiqomat qiladi. Mahallaga kelin bo‘lib tushganimga 55 yildan o‘tdi, ochig‘ini aytishim kerak, oxirgi yetti-sakkiz yilda yashash sharoitlarimiz yaxshilandi. Infratuzilma rivojlanib, suv, gaz, elektr ta’minotida ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlandi, – deydi “Tinchlik” ko‘chasida yashovchi Norsuluv Qultoyeva. – Ayniqsa, hududimizga yuqori bosimli markaziy GRP uskunasi o‘rnatilgani ayni muddao bo‘ldi. Bu yozda ham, qishda ham uzluksiz va bir maromda gaz kelishini anglatadi. Tizim avtomatlashtirilganidan keyin to‘lovlarimiz ham tejalayotganidan xursandmiz.

“Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali direktorining birinchi o‘rinbosari, bosh muhandis Boburjon Abdulazizovning qayd etishicha, Namangan shahridagi Olvalizor, Yangi Namangan, Pop tumanidagi Ipak yo‘li, Chust tumanidagi Chustnon-do‘stlarobod, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Porosmon, Namangan tumanidagi Farovon, Mingbuloq tumanidagi Chordona, Kosonsoy tumanidagi Navbahor, Uychi tumanidagi Boyag‘on, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Rovot, Chortoq tumanidagi Tengdosh va Uchqo‘rg‘on tumanidagi Yopisxon mahalla xonadonlarida tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida joriy etilgan “Avtomatlashtirilgan mahalla iste’mol nazorat-hisob balansi” yaxshi samara bermoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.