Mahallalar uyushmasi raisi samarqandlik yoshlarning masalalarini o‘rgandi
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi, yoshlarning masalalarini o‘rganish bo‘yicha respublika ishchi guruhi rahbari Qahramon Quronboyev Samarqand viloyatida bo‘lib, yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Shu yilning 30-iyun kuni davlatimiz rahbarining mamlakatimiz yoshlari bilan uchrashuvida berilgan topshiriq va vazifalar asosida mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida respublika ishchi guruhi joylarda o‘rganishlar olib bormoqda.
Ishchi guruhning Samarqand viloyatidagi faoliyati davomida guruh rahbari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Q.Quronboyev Samarqand shahrida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Samimiy va ochiq ruhda kechgan uchrashuvda yoshlarni qiynayotgan muammolar, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi. Qahramon Quronboyev har bir masalaga alohida e’tibor qaratib, ularni ijobiy hal etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi, zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Jumladan, shaharning Maroqand mahallasi yoshlari tomonidan mahallada zamonaviy kutubxona tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Uchrashuvdan so‘ng Qahramon Quronboyev mahallaga borib, hudud infratuzilmasini joyida o‘rgandi hamda kutubxona tashkil etish imkoniyatlarini ko‘zdan kechirdi.

Shuningdek, “mahalla yettiligi” va faollar bilan o‘tkazilgan muloqotda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mahalladagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda yoshlar uchun zamonaviy va qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri