Mahallalar faoliyati tanqidiy oʻrganilmoqda
Xususan, Respublika mahallalar kengashi hamda Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Prezidentimiz Qarori loyihasi va sohaga doir “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish boʻyicha Ishchi guruh tuzildi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi boshqaruvi raisi Rahmat Mamatov boshchiligida mahalla institutining nufuzini oshirish, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda uning ishonchli tayanch va taʼsirchan kuch boʻlib xizmat qilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida keng koʻlamli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq qilinmoqda.
Xususan, Respublika mahallalar kengashi hamda Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Prezidentimiz Qarori loyihasi va sohaga doir “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish boʻyicha Ishchi guruh tuzildi.
Hozirgi kunda mazkur Ishchi guruh ishtirokida mahalla tizimini yanada rivojlantirish, sohaga innovatsion texnologiyalar hamda aholi muammolari bilan ishlashda yangi tizimni joriy qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, ularni erta aniqlash, bu borada mahalla va ichki ishlar xodimlari hamkorligini yanada mustahkamlash, xotin-qizlar va yoshlar muammolari bilan ishlash tizimini takomillashtirish boʻyicha Prezident Qarori loyihasi ustida izchil ishlar olib borilmoqda.
Mazkur Qaror loyihasi uchun eng zarur takliflarni olish, shuningdek, mahallalarimizda kechayotgan oʻzgarishlar, ish sifatini oshirishga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni aniqlash, shuningdek, mahalla raislarining aholi bilan ishlash koʻnikmalarini oshirish maqsadida Respublika mahallalar kengashi boshqaruvi raisi Rahmat Mamatov boshchiligidagi Ishchi guruh Toshkent viloyati va poytaxt tumanlaridagi mahallalar faoliyatini atroflicha oʻrganmoqda.
Dastlabki manzil sifatida Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanidagi “Jambul” mahalla fuqarolar yigʻini tanlandi. Sababi mahalla binosi yoʻqligi bois mahalla raisi Alisher Eshmatov oʻz uyining ikki xonasini ajratib, ish faoliyatiga oid barcha ishlarni besh yildan buyon shu yerda bajarib, aholi murojaatlarini oʻz uyida qabul qilayotgan ekan. A.Eshmatov buning uchun zarur barcha moddiy-texnik vositalarni oʻz hisobidan sotib olgan.
2335 nafar fuqaro istiqomat qilayotgan, tarkibida 680 ta oilasi bor mahallaning oʻz idorasi yoʻqligi kishini oʻyga toldiradi.
– “Jambul” MFY binosini qurish uchun tuman hokimligi tomonidan yer ajratilgan, – deydi mahalla raisi A.Eshmatov. – Hozirda binoni hashar yoʻli bilan qurish uchun ishlar boshlab yuborilgan.
“Jambul” mahallasi muammolarini oʻrganish davomida shu mahallada yashovchi Zafar Tojiboyev tomonidan mahalla fuqarolari uchun bolalar bogʻchasi, qishloq vrachlik punkti, mahalla ichidagi 46-maktab qarshisida bolalarimizning bexatar maktabga qatnashlari uchun svetafor qurib berish taklifi berildi.
3800 nafardan ziyod aholiga ega Yangiyoʻl tumanidagi “Saxavot” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Akbarxoʻja Ibragimovdan hududdagi muammolar haqida soʻradik:
– Mahallamiz fuqarolari salomatligini asrash maqsadida zamonaviy qishloq vrachlik punktiga ehtiyojimiz bor. Mahalla koʻchalarini asfalt qilish boʻyicha ham bir necha bor tegishli tashkilotlarga murojaat qilganmiz. Shuningdek, “Jambul” va Saxavot” mahallalari oʻrtasidan oʻtgan tezyurar poyezd yoʻlidan aholining, ayniqsa bolajonlarimizning oʻtishlari uchun maxsus yoʻlak qurilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.
“Pistalik” mahallasi fuqarolar yigʻini binosi 2019-yil yoz oylarida hashar yoʻli bilan qurilgan. Ammo ish faoliyati uchun zarur moddiy-texnika vositalari bilan taʼminlanmagan.
Yangiyoʻl tuman markazidan 30 km uzoqlikda joylashgan “Umid” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Omon Musayev Ishchi guruhga oʻzining bir qator takliflarini bildirib oʻtdi:
– Mahalla tizimini yanada rivojlantirish uchun Prezident Qarori loyihasi va sohaga doir “Yoʻl xaritasi”i ishlab chiqilayotganligi hamda buning uchun bizning tuman mahalla fidoyilaridan ham taklif olinayotganidan shaxsan men juda xursand boʻldim. Mening taklifim shundan iboratki, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida mahalla raisi va profilaktika inspektorining oʻzaro hamkorligini yanada kuchaytirishimiz zarur. Buning uchun ular bir binoda faoliyat yuritishi lozim, deb oʻylayman.
Yana bir taklifim shuki, hozirgi kunda mahalla xodimlariga hokimliklar orqali oylik ish haqi toʻlash tizimini qayta koʻrib chiqish zarur. Sababi, istaymizmi, yoʻqmi, hokimliklardan oylik olgan mahalla raisining ularga qaram boʻlib qolmasligini taʼminlay olmaymiz.
Shu yerning oʻzida Respublika mahallalar kengashi boshqaruvi raisi R.Mamatov bilan mahalla yoshlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi. R.Mamatov uchrashuv davomida yoshlar tomonidan bildirilgan fikrlarga quloq tutdi va ularga kerakli maslahatlarini berdi:
– Har biringiz shu yurt ertasi uchun imkon darajasida harakat qilishingiz, oʻz bilimingizni muntazam oshirib borishingiz zarur. Buning uchun biz sizlarga barcha kerakli qulayliklarni yaratib berishga tayyormiz.
Shundan soʻng Yangiyoʻl tumani hokimi A.Toʻxtaboyev mahalla yoshlaridan biri Baxtiyor Yoʻldoshevning taklifiga binoan hududdagi mavjud boʻsh yer maydoniga bolalar sport maydoni qurib berish uchun kerakli choralarni koʻrishini bildirib oʻtdi.