Mahalladan boshlanayotgan islohotlar
Mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda inson kapitaliga sarmoya kiritish, ayniqsa, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi. Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida har bir mahallada yoshlarning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va munosib hayot kechirishi uchun mustahkam huquqiy hamda amaliy mexanizmlar yaratilmoqda.
Bu islohotlarning amaldagi natijalarini joylarda o‘rganish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda har bir yoshning tashabbusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Navoiy viloyatining Xatirchi, Karmana va Qiziltepa tumanlarida bo‘ldi. Tashrif davomida ta’lim, tadbirkorlik va zamonaviy infratuzilma ob’ektlari faoliyati atroflicha tahlil qilinib, yangi vazifalar belgilab olindi.
Xatirchi tumanidagi Farovon mahallasida joylashgan Yoshlar markazi va IT Park faoliyatining yo‘lga qo‘yilganligi mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning mahallalargacha kirib borganidan dalolat. Uchrashuvda “Miraedu” startap loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, “Ko‘mak” loyihasi orqali tashkil etilgan “Saturn” va “Ne'matov Academy” o‘quv markazlari hamda “Humo” un zavodi faoliyatini o‘rganish jarayonida yoshlarning kasbiy tayyorgarligini kuchaytirish, ularni ish bilan ta’minlash va yangi tadbirkorlik sub’ektlarini ko‘paytirish yuzasidan aniq rejalar belgilab olindi.

Karmana tumanidagi o‘rganishlar davomida Beshkent mahallasida barpo etilishi rejalashtirilayotgan Yoshlar markazi, zamonaviy sport maydonchalari, 24/7 ko‘cha, dam olish maskanlari va 240 o‘rinli Madaniyat markazi qurilishi ko‘zdan kechirilib, yoshlar uchun munosib ijtimoiy muhit yaratish masalalari muhokama qilindi. Bunday majmualar nafaqat yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etadi, balki ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga ham xizmat qiladi.
Tashrif davomida mahallada o‘quv markazi tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan yoshning taklifiga alohida e’tibor qaratildi. Loyihani amalga oshirish uchun mas’ullar biriktirilib, amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Qiziltepa tumanida o‘tkazilgan muloqotlar esa iqtisodiy islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri – yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga bag‘ishlandi. O‘z biznesini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ygan yoshlar tajribasi o‘rganilib, yangi tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlarga “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi” imkoniyatlari, imtiyozli moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va yangi loyihalar haqida batafsil tushunchalar berildi.

Albatta, bu kabi amaliy muloqotlar va manzilli yondashuv har bir mahallada bilimli, tashabbuskor va raqobatbardosh yoshlar qatlamini shakllantirish, ularning iqtisodiy faolligini oshirish hamda yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan avlodni voyaga yetkazishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri