Mahallada yangi loyiha ishga tushdi
Farg‘ona viloyatida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, narxlar barqarorligini ta’minlash, zaxirasini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Furqat tumanida soha faoliyatini rivojlantirish, yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi tashabbuslar ko‘lami kundan kunga kengaymoqda.

— “G‘uncha” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida foydalanishga topshirilgan "National dairy industry" mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash borasida yangi imkoniyatlar yaratdi. Bu yerda bir kunda 5 tonnadan ortiq sut mahsulotlari qayta ishlanmoqda. Umumiy qiymati 2,5 milliard so‘m bo‘lgan yangi loyiha doirasida 20 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun mahalla fuqarolar yig‘ini hududida, tuman hokimligi balansida bo‘lgan sobiq kasb-hunar kollejining ustaxona binosi “e-auksion” orqali ijarada foydalanish uchun berildi.

Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan qo‘shma korxonada qatiq, qaymoq, kefir, smetana, ayron, tvorog, yogurt singari o‘n turdan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
– Prezidentimiz raisligida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash va zaxirasini yaratish yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot turlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor beryapmiz, – deydi korxona rahbari Abdulhay Yo‘ldoshev. – Shu maqsadda Gollandiya va Germaniyadan 186 bosh mahsuldor chorva mollar olib kelindi. Natijada mahsulot ishlab chiqarish hajmi 7 tonna, tayyor mahsulot turlari 15 taga yetdi.
M.Sulaymonov, O‘zA