“Mahallabay” ish tizimi o‘z samarasini bermoqda
Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasiga biriktirilgan 4-sektor hududida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning uch pog‘onali “Mahallabay” ish tizimi joriy etilgan.
Joylardagi har bir mahallaga mas’ullar biriktirilib, ular tomonidan iqtisodiy-ijtimoiy yo‘nalishlarda manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, “Temir daftar” ga 12 ming 679 ta oila, 2-bosqich “Ayollar daftari” ga 9 ming 577 nafar va “Yoshlar daftari” ga 10 ming 318 nafar fuqaro kiritilgan bo‘lib, ulardan ishsiz bo‘lgan 24 ming 409 nafari bandligi ta’minlandi.
Mahallalarning o‘sish nuqtalari drayveri tahliliga ko‘ra, viloyatning 4-sektori hududida chorvachilik yo‘nalishida 45 ta mahallada 18 ming 708 ta, parrandachilikda 36 ta mahallada 5 ming 707 ta, quyonchilikda 52 ta mahallada 2 ming 170 ta, asalarichilikda 19 ta mahallada 902 ta, dehqonchilik (tomorqa)da 74 ta mahallada 13 ming 407 ta, bog‘dorchilikda 13 ta mahallada 22 ming 132 ta, issiqxona yo‘nalishida 39 ta mahallada 474 ta, hunarmandchilikda 19 ta mahallada 820 ta xonadonlar faoliyat yuritmoqda.
– Mahallabay o‘rganishlarda muammolari mavjud bo‘lgan 150 nafarga yaqin tadbirkorlik sub’ektiga 9 milliard 658 million so‘m miqdorda kredit mablag‘lari ajratildi,– deydi Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Raimov .– Buning natijasida joylarda 758 kishi ishli bo‘ldi. “Har bir oila tadbirkor” davlat dasturi doirasida kredit olish istagida bo‘lgan 1 ming 164 ta oilaga 36,5 milliard so‘m miqdorida kredit ajratildi.
Hozir 4-sektor hududidagi 231 ta mahallada 146 mingta xonadonda (185 mingta oila) 664 ming nafar aholi yashaydi.Uyma-uy o‘rganish jarayonida turmush sharoiti og‘ir bo‘lgan 462 ta oila a’zolari oilaviy holatini yaxshilash va daromad manbaiga ega bo‘lish uchun parrandachilik bilan shug‘ullanishiga amaliy yordam berishini so‘ragan. Murojaatlarni hal etish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi raisi tashabbusi bilan ushbu fuqarolarga maxsus inkubatorlar tarqatildi.
Jumladan, Ohangaron shaharidagi “Qo‘rg‘on” mahallasi Qo‘rg‘on ko‘chasida yashovchi Faxriddin Bozorov anchadan beri ishsiz edi. Unga homiylar tomonidan 500 ta jo‘ja ochish inkubator moslamasi olib berildi.
–Hozirgacha moslama yordamida 400 dona jo‘ja ochirdim,– deydi F.Bozorov. – Ularni sotganimda esa 2 million 200 ming so‘m foyda oldim. Kelgusida faoliyatimni kengaytirib, naslli parandalarni ko‘paytirishni rejalashtiryapman.
Shuningdek, 415 nafar ishsiz fuqarolar uchun 308 gektar yer maydonida issiqxonalar tashkil etishga ko‘maklashildi.
Mahallalarda infratuzilma tarmoqlarini ta’mirlash borasida qator ishlar amalga oshirildi. Ta’mirtalab ichki yullarning 276 kilometriga shag‘al va asfalt yotqizildi. Masalan ayni paytda Zangiota tumanida "Sahovat" mahallasida "Obod qishloq", "Obod mahalla" dasturi asosida ishlar jadal olib borilmoqda. Uzoq yillardan beri "Qosimboyev" ko‘chasi yo‘llarining ta’mirtalabligi aholi e’tirozlariga sabab bo‘layotgan edi. Dastur doirasida yo‘llarga asfalt yotqizilishi odamlarni xursand qildi.
Tuman shaharlardagi ko‘z ilg‘amasdek tuyulgan ichki yo‘llardagi 8 ta ta’mirtalab ko‘priklar, 33,3 kilometr ichimlik suv quvurlari, 62 ta ko‘p qavatli uyning fasad qismi, 13 ta uyning tom qismi ta’mirdan chiqarildi. 79,2 kilometr gaz uzatish tarmoqlari, 20 ta gaz taqsimlash nuqtalari joriy va mukammal ta’mirlandi.
Aholi orasida “Mahallabay”, “Xonadonbay” uyma-uy o‘rganishlar davomida aniqlangan muammolarni hal etish, xalqni rozi qilish yo‘lidagi say’-harakatlar o‘z samarasini berayotir. Zero, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish sizu bizga bog‘liqligini unutmasak bo‘lgani.
A.Musayev,
O‘zA