Mahalla raislari islohotchi bo‘lishi kerak
Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mutasaddilari ishtirokida «Mahalla va oilani qo‘llab- quvvatlash vazirligi faoliyatiga bir yil: sarhisob va istiqboldagi rejalar» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Vazirlik rahbariyati, soha xodimlari va jurnalistlar ishtirokidagi tadbirda o‘tgan bir yil ichida amalga oshirilgan ishlar, kamchilik va yutuqlar sarhisob qilindi. Istiqboldagi rejalar, amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar muhokama qilindi.
Vazirlik tomonidan qisqa davr mobaynida aholi osoyishtaligini ta’minlash, nuroniylar ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilgan. Vazirlik mahallani jinoyatlardan xoli hududga aylantirishdek muhim va mas’uliyatli vazifani o‘z bo‘yniga olgan. Xotin-qizlarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratish ham aynan vazirlik zimmasiga yuklatilgan. Bundan bilish mumkinki, soha xodimlariga o‘tgan sinovli yilda ishlash oson kechmagan.
– “Mahalla raisi islohotchi bo‘lishi kerak”. Davlatimiz rahbarining ushbu so‘zlari barcha raislarda mas’uliyat hissini uyg‘otishi kerak, –deydi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i O‘g‘iloy O‘rozova. – Muammolar yuqoridan pastga qarab emas, pastdan yuqoriga qarab o‘rganilsa, ishda samara bo‘lishi, natijalar ijobiy kechishining amalda guvohi bo‘ldik. To‘g‘ri, sohada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Vazirligimiz tashkil etilganligining dastlabki oylaridayoq yurtimizda karantin holati e’lon qilindi. Xodimlarimiz tinimsiz ishlashga to‘g‘ri keldi. Bu qisqa davrda vazirligimiz xalqning ishonchini qozondi.
Qayd qilinganidek, vazirlik tashabbusi bilan joylarda 472 ta mahalla binosi yangidan qurilib, rekonstruksiya qilingan. Vazirlik huzuridagi «Obod va xavfsiz mahalla» jamg‘armasi hisobidan mahallalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 4 milliard 700 million so‘m mablag‘ sarflangan.
Anjumanda muammolar tinglandi, jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar javob qaytardi.
Dilobar Mamatova, O‘zA