Mahalla obodligi — aholi farovonligi
Qoraqalpog‘iston Respublikasida mahallalarni obodonlashtirish, aholi farovonligini oshirish va bandligini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom etmoqda. Nukus shahridagi «Yosh avlod» mahalla fuqarolar yig‘inida ham hududni obod qilish, aholi uchun qulay sharoit yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Umumiy maydoni 27,85 gektar bo‘lgan mahallada 4 ming 821 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududda ko‘p qavatli uylar atrofi obodonlashtirilib, bolalar va sport maydonchalari, dam olish maskanlari, savdo va servis ob’ektlari tashkil etilgan. Yo‘lak va xiyobonlarga manzarali daraxtlar, gullar ekilib, ko‘p qavatli uylarning fasadlari ham tartibga keltirilgan.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida davlat byudjeti hisobidan ajratilgan 1 milliard 360 million so‘m mablag‘ evaziga zamonaviy mahalla binosi qurilgan. Bugun ushbu maskan fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, mahalla xizmatlarini samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mahallada aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga ham ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Hokim yordamchisi ko‘magida o‘z biznesini boshlash va o‘zini o‘zi band qilish istagidagi fuqarolarga imtiyozli kreditlar hamda subsidiyalar ajratilib, ularning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda.
[gallery-31960]
Xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, ularning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ishsiz xotin-qizlar «Ishga marhamat» monomarkazlarida tikuvchilik, kompyuter savodxonligi, pazandalik, soch turmaklash, manikyur va pedikyur hamda bolalar tarbiyasi kabi yo‘nalishlarda kasb-hunar o‘rganmoqda. Bu esa ularning bandligini ta’minlash, oilaviy daromadini oshirish va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun imkoniyat yaratmoqda.
Shuningdek, mahallada tashkil etilgan «Ishbilarmonlar uyi» orqali yetti nafar xotin-qizning tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga ko‘maklashilgan.
Yosh avlod mahallasida obodonlashtirish, aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar hududni yanada obod qilish, aholi turmush sharoitini yaxshilash va farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat+video), O‘zA