“Mahalla kubogi”da iqtidorlilar saralandi
Namanganda “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamda viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamkorligida o‘quvchilarining yozgi dam olish ta’tilini mazmunli tashkillashtirish maqsadida 12-16 yoshli o‘smirlar o‘rtasida sportning mini-futbol, stol tennisi turlari bo‘yicha “Mahalla kubogi” musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Viloyatdagi 788 ta mahallada ko‘chalar o‘rtasida kechgan turnirning ilk bosqichida mahalla terma jamoasi shakllanib, musobaqalarning sektorlar birinchiligi, sektorlar o‘rtasida g‘olib bo‘lganlar tuman birinchiligi, tumanlararo hududiy musobaqalari o‘tkazilib, musobaqalarning viloyat bosqichiga futbol bo‘yicha 4 ta mahalla jamoasi hamda stol tennisi bo‘yicha 8 nafar o‘g‘il va 8 nafar qizdan iborat ishtirokchilar o‘z omadini sinab ko‘rdi.

Davlatobod tumanidagi 1-sonli futbol mahorat maktabi maydonlarida tashkillashtirilgan “Mahalla kubogi” sport musobaqalarining viloyat bosqichida chempionlar aniqlandi.
Futbol bellashuvlarining hal qiluvchi bahsiga Namangan shahridagi Ozod mahallasining “Navbahor” va Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Yoshlik” mahallasining “Olimpik” jamoalari yetib keldi. Final uchrashuvining asosiy vaqtida kuchlar teng keldi – 1:1. Penaltilar “seriyasi”da 3:2 hisobida ustun kelgan Namangan shahri vakillari kubok g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Turnirning uchinchi o‘rin uchun kechgan o‘yinda Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Iskovot mahallasining “Mash’al” jamoasi darvozasiga javobsiz to‘rtta gol urgan Pop tumanidagi G‘urumsaroy mahallasi “G‘urumsaroy” jamoasining yosh futbolchilari ham sovrindorlar safidan joy egalladi.

Stol tennisining o‘g‘il bolalar bahsida Namangan tumani vakili Bobur Rahimjonovga teng keladigan raqib topilmadi. Yangiqo‘rg‘onlik Dilmurod Muhammadjonov va Namangan tumanidan Muhammadjon Zokirov mos ravishda ikkinchi, uchinchi o‘rinlarni egalladi.
Qizlar ishtirokidagi stol tennisi bellashuvlarida Yangiqo‘rg‘on tumanidan Ruxshona To‘raboyeva eng yuqori natijani qayd etdi. Shuningdek, uchqo‘rg‘onlik Xadicha Habibullayeva va Noila Hakimova sovrinli o‘rinlarni bo‘lishib oldi.
Taqdirlash marosimida g‘olib-sovrindor jamoalar va iqtidorli o‘g‘il-qizlarga tashkilotchilar tomonidan diplom, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA