Mahalla – jamiyatning asl ko‘zgusi
Shu kunlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida «Mahallalarda milliy qadriyatlarni mustahkamlash haftaligi» bo‘lib o‘tmoqda.
Mahallalar har birimizning hayotimizda o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Keyingi yillarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyat hayotidagi o‘rni, mavqeini tobora mustahkamlash va oshirishga e’tibor kuchaydi. Mahallalarni tobora obod, xavfsiz, farovon, ozoda etish borasida ko‘plab amaliy loyihalar hayotga joriy etilmoqda. Ayni paytda fuqarolar yig‘inlarining aholining ehtiyojmand qatlamlarini aniq, manzilli, ijtimoiy yo‘naltirilgan tarzda himoyalash borasidagi vakolat va imkoniyatlari, vazifalari hamda mas’uliyati yanada kuchaytirildi. «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» kabi mexanizmlarning joriy etilishi mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, ularning ildiziga baho berishda yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Davlatimiz rahbari islohotlar bilan tanishish maqsadida hududlarga safarlari chog‘ida ham avvaldan tayyorlab qo‘yilgan, «usti yaltiroq» mahallalarga emas, balki qo‘qqisdan istalgan fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurishi mazkur tuzilmalardagi muammolarni ro‘y-rost aniqlash, vaziyatni teran tahlil etish, amaliy yechimlarini belgilab olishda muhim omil bo‘lmoqda.
Darhaqiqat, bugun har qaysi mahallada muammolar topiladi. Undagi yo‘llarning bari ham tekis va ravon emas. Elektr, gaz, isitish, toza ichimlik suvi ta’minotida muammolar yetarli. Biron mutasaddi yillar mobaynida «Ahvoling ne?» demagan xonadonlar, shifo tilab shiftga termulib yotgan bemori bor oilalar qancha! Kimdan ko‘mak so‘rashni bilmayotgan fuqarolarchi... Yurtimizda ishlab chiqilayotgan dasturlar, turli loyihalar mavjud dolzarb masalalarga yechim topishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Joriy yilning 22-28 mart kunlari yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan «Mahallalarda milliy qadriyatlarni mustahkamlash haftaligi» tadbirlari ham tantanavor, balandparvoz, xo‘jako‘rsinlikdan yiroq bo‘layotgani bilan ahamiyatlidir. Uning doirasida tegishli tashkilotlar, mahalliy idoralar mahallalarga e’tiborini yanada kuchaytirmoqda. Muammolar o‘rganilmoqda, hal etishga harakat qilinmoqda.
– Bugun mahallada hayot qaynaydi, – dedi Toshkentning Uchtepa tumanidagi «Sharq yulduzi» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Kamoliddin Azizov. – Mahallamizda yaxshigina kitob fondiga ega bo‘lgan kutubxona, tikuv sexi, qandolat sexi, psixolog maslahatxonasi, qizlarni ro‘zg‘or yumushlariga tayyorlashga ko‘maklashuvchi to‘garaklar, sport to‘garagi tashkil etilgan. Lekin oilaviy ajrimlarning oldini olish, bandlikni ta’minlash, sog‘lom turmush tarzi, to‘y-tadbirlarni ixcham o‘tkazish bo‘yicha hali ishlashimiz zarur bo‘lgan masalalar ham bor.
– Ilgarilari barcha muammolar to‘planib, chigallashib ketgandi, – dedi Shayxontohur tumanidagi «Yangiobod» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Manzura Valiyeva. – «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari», «Temir daftar»ning joriy etilgani muammolarga tizimli yondashish imkonini bermoqda. Shu bilan birga yoshlar ma’naviyati,tarbiyasini, ularning hayotga bo‘lgan munosabatini to‘g‘ri shakllantirish, oilaga tayyorlash bo‘yicha ancha ishlar zimmamizda.
Ha, haftalik har bir mahallaga o‘z faoliyatiga yana bir karra teran nazar tashlash imkonini bermoqda. Ayni paytda loyiha doirasida «Nuroniylar maskanlari», «Mahalla markazi» majmualari, «Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari», aholini kasbga o‘qitish maskanlari, shuningdek, og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarga yangi uylarni topshirish marosimlari o‘tkazilmoqda. Bularning barchasi mahalla har bir fuqaro hayotining uzviy qismiga aylanib ketganining amaldagi yana bir yorqin isbotidir.
Nazokat Usmonova, O‘zA