Mahalla fuqarolar yig‘ini yangi binoda ish boshladi
Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi Jalaquduq mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Tuman hokimi Hikmatullo Latipov, sektor rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida mahallalarning yangi idorasi ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatimizda mahalla tizimiga alohida e’tibor qaratilayotganligi, mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun moslashtirilgan yangi binolar barpo etilib, samarali faoliyat olib borish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotganligi ta’kidlandi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini idorasi davlat sherikchiligi asosida tadbirkor Ixtiyorjon Ortiqov tomonidan barpo etildi. Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘ini yonida tikuvchilik sexi barpo etildi, kelgusida yana non ishlab chiqarish sexi qurilib ishga tushirilishi, 15 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.

– Hozirda 3 ming 200 nafarga yaqin aholi yashaydigan mahallamizning idorasi 1928 yilda qurilgan binoda ish olib borar edi, – deydi Jalaquduq MFY raisi Saodatxon Toshlanova. – Ochig‘i, binomiz yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Hukumatimizning e’tibori, tuman hokimligi va tadbirkorning ko‘magi bilan ushbu bino buzilib, o‘rniga mahalla idorasi uchun zamonaviy va ko‘rkam yangi bino qurib berilganligidan juda xursandmiz. Rais, o‘rinbosarlari, profilaktika inspektori uchun alohida-alohida xonalar mavjud bo‘lgan binoda samarali faoliyat yuritish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.

Tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan mahallaning yangi binosiga mebellar hamda boshqa zarur jihozlar topshirildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA