Mahalla ezgu tashabbuslar maskani
Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidagi “Iftixor” mahalla fuqarolar yig‘ini yangi binoda ish boshladi.
“Sohibaxon ona tarovati” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashabbusi bilan davlat-xususiy sherikchilik asosida qurilgan binoda mahalla ahli va faollari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Mahalla fuqarolar yig‘ini binosining ochilish marosimida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan “Temir daftar” ro‘yxatiga olingan, ijtimoiy himoyaga muhtoj o‘nga yaqin iftixorliklarga 1 million so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatildi.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan Muhabbat Hoshimova bir necha yildirki xasta. To‘rt farzandi bor. Oilaning turmush tarzi bilan tanishgan mutasaddilar oila bekasining tikuvchilikda uquvi borligini bilishdi va unga yangi tikuv mashinasi hadya qilindi. Shu mahallada yashovchi Munavvara To‘ychiyeva bir necha yildan buyon yura olmaydi, nogironlik aravachasiga muhtoj. “Mahalla” xayriya jamoat fondi sa’y-harakati bilan uning ko‘p yillik niyati ushaldi.

– Fuqarolar yig‘inlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, mahallani xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylantirish borasidagi amaliy ishlar ko‘lami kengayib bormoqda, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati bo‘limi boshqaruvi raisi Bahodir Yulbarsov. – Shu kunga qadar viloyatda davlat-xususiy sherikchilik asosida yangidan qurilib foydalanishga topshirilayotgan mahalla binolarining 45 tasi mebel jihozlari, 12 tasi zamonaviy kompyuter jamlanmalari bilan ta’minlandi.
M. Sulaymonov, O‘zA