“Mahalla bankirlari”ning kasbiy ko‘nikmalari oshirilmoqda
Co‘nggi yillarda respublika tijorat banklari faoliyati mahallagacha tushirilgani o‘z natijasini bermoqda. Xususan, o‘tgan yilning yil 16 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadli qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasiga doir o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bildirilgan taklif asosida “Mahalla bankirlari” faoliyati yo‘lga qo‘yilgani “mahallabay” ishlash tizimida yangi bosqichni boshlab berdi.
Hozirda “Biznesni rivojlantirish banki” aksiyadorlik-tijorat bankiga respublika bo‘yicha biriktirilgan 653 ta mahallada 232 nafar mahalla bankiri va 653 nafar yordamchi agent ish olib bormoqda.
Ular aholini tadbirkorlikka jalb etish, mavjud korxonalar salohiyatini kengaytirish va mahallada qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish borasida faollik ko‘rsatmoqda.
Shu kunlarda bank tomonidan “Mahalla bankirlari” va yordamchi agentlarning ishchanlik salohiyatini oshirish, ularda ochiq va samarali kommunikatsiya ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida hududlarda seminar-treninglar o‘tkazilyapti.
Mazkur tadbirlar davomida иштирокчиларда jamoada ishlash, yagona maqsad atrofida birlashish, muammoli vaziyatlarga to‘g‘ri yondashuv, o‘ziga ishonchni mustahkamlashga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar tashkil qilinmoqda.
Shuningdek, seminar-treninglar doirasida bankning “Mening biznesim” va “Mening buyurtmam” mobil ilovalari orqali aholi bandligini oshirishning innovatsion yechimlari bo‘yicha muhokamalar ham bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirlarda Markaziy bank vakillari ishtirok etib aholi g‘oyalarini loyihalarga aylantirish, kreativ tashabbuslarni amaliyotga joriy etish yuzasidan tavsiyalar bermoqda.
Ayni vaqtgacha bunday seminar-treninglar Qo‘qon, Farg‘ona, Urganch shaharlarida va Yangiyo‘l tumanida o‘tkazildi. Tadbirlar yakunida faol ishtirok etgan mahalla bankirlari va yordamchi agentlarga diplom va esdalik sovg‘alari taqdim etilmoqda.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB bu kabi tadbirlar orqali xodimlarning kasbiy rivojlanishiga erishish bilan bir qatorda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishni ham ko‘zlamoqda.
Bu turkumdagi tadbirlar joriy yilning dekabr oyiga qadar respublikaning barcha hududlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bank axborot xizmati