MAGATE bilan hamkorlikda xalqaro texnik yig‘ilish
Samarqand shahrida Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) bilan hamkorlikda “Qumtoshli turdagi uran konlarini izlash va qazib olish” masalalariga bag‘ishlangan xalqaro texnik yig‘ilish ish boshladi.
Unda dunyoning 25 dan ortiq mamlakati vakillari, xalqaro ekspertlar, soha olimlari va mutaxassislari ishtirok etmoqda. Tadbir uran geologiyasi va qazib olishda ekologik xavfsizlik, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va ilmiy tajriba almashish masalalariga bag‘ishlangan.
Tadbir ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov hamda MAGATE mas’ullari ishtirok etib, mamlakatimizda uran konlarini izlash va qazib olish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, respublikaning qumtoshli uran konlarini izlash va qazib olish bo‘yicha xalqaro hamkorlikning ahamiyati haqida so‘z yuritishdi. Bugungi kunda uran qazib olishda xavfsizlik standartlarini yanada takomillashtirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va malakali mutaxassislar tayyorlash tizimdagi ustuvor vazifalardan hisoblanishi ta’kidlandi.
– O‘zbekiston bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik samarali davom etayotganidan mamnunmiz, – dedi MAGATE uran resurslarini ishlab chiqarish bo‘yicha texnik rahbari Adrianne Xenki. – Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar uran qazib olish sohasida ilmiy va texnologik salohiyatni rivojlantirishdagi muhim qadamdir. Albatta, hamkorlikning keyingi bosqichlari ushbu yo‘nalishdagi ulkan yutuqlar bilan ahamiyatli bo‘ladi.
Yig‘ilishda agentlikning bugungi kunda yadro energetikasining tinchlik va xavfsizlik tamoyillari asosida rivojlanishi, atom texnologiyalarining ilmiy va sanoat sohasi uchun xizmat qilishi, eng asosiysi, insoniyat manfaatlariga yo‘naltirilishini ta’minlashga ulkan hissa qo‘shayotgani, agentlik tomonidan ishlab chiqilgan xalqaro standartlar, xavfsizlik bo‘yicha talablar, shuningdek, ilmiy-texnik ko‘mak mexanizmlari dunyo miqyosida keng e’tirof etilgani qayd qilindi.
Yig‘ilishda uran qazib olishning zamonaviy texnologiyalari, qumtoshli turdagi konlarni o‘zlashtirishdagi ilg‘or xalqaro tajribalar va innovatsion yondashuvlar muhokama etilmoqda.
[gallery-25723]
Texnik yig‘ilish Samarqandda bir necha kun davom etadi va uning yakunlari bo‘yicha sohadagi amaliyotga oid amaliy tavsiyalar ishlab chiqilishi kutilmoqda.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tadbirning amaliy qismi sifatida ishtirokchilar uchun Navoiy viloyatidagi uran konlariga amaliy tashrif rejalashtirilgan. Bunda ishtirokchilarni uran qazib olishda Navoiy uran korxonasining zamonaviy texnologiyalari, ekologik xavfsizlik tizimi va ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish ko‘zda tutilgan.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari