Mafkuraviy xurujlarning oldini olish muhim vazifa
Navoiy shahridagi Ma’naviyat-ma’rifat markazida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Navoiy viloyat bo‘linmasi tashabbusi bilan Navoiy viloyat hokimligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat Kengashi hamkorligida “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda mafkuraviy xurujlarning oldini olish: muammo va takliflar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar oila va mahallaning ijtimoiy vazifalari, ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni hamda milliy qadriyatlarning barqarorligini ta’minlashdagi hissasi, yoshlar orasida mafkuraviy immunitetni shakllantirish, milliy madaniy markazlarning yoshlarni tarbiyalash, ularga ma’naviy, axloqiy, ijtimoiy qadriyatlarni o‘rgatishdagi o‘rni va roli haqida to‘xtalib o‘tdi.


– Ma’naviy xavfsizlikni ta’minlash, madaniy va ma’rifiy tadbirlar orqali ijtimoiy-axloqiy muammolarni hal qilish, milliy madaniyat va uni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish, oila va mahallalarda ma’naviy qadriyatlarni saqlash muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Navoiy viloyat bo‘linmasi rahbari Abdulla Ro‘ziqulov. – Bugungi kunda mafkuraviy tahdidlar aholining ma’lum bir qatlamlari, asosan, yoshlarning qarashlarini o‘zlariga ma’qul bo‘lgan yo‘nalishda o‘zgartirish, yolg‘on axborot, diniy ekstremizm, axloqsizlik kabi buzg‘unchi g‘oyalarni singdirishga urinishdek ko‘rinishlarda sodir bo‘lmoqda. Ayniqsa, internet tarmog‘i orqali tarqatilayotgan g‘arazli ma’lumotlar, turli buzg‘unchi g‘oyalar, odob-axloqni yemiruvchi illatlar har bir ota-onani tashvishga solmoqda. Bu esa barchamizdan yoshlar tarbiyasiga yanada e’tiborli bo‘lishni talab etadi. Yoshlarimizning ma’naviy olamida bo‘shliq paydo bo‘lmasligi uchun ularning qalbi va ongida milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘ularini shakllantirishimiz, bu boradagi targ‘ibot-tashviqot ishlari samaradorligiga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.


Tadbir davomida yoshlar va jamiyatning ma’naviy xavfsizligini ta’minlash, mafkuraviy xurujlarga qarshi kurashish hamda ijtimoiy barqarorlikni saqlashga qaratilgan taklif, fikr-mulohazalar bildirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri