Madaniy meros sohasida xalqaro hamkorlik
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari–Madaniy meros departamenti boshlig‘i K.Oqilova hamda Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Hamid Nayirobodiy, Tehron universiteti va O‘zbekiston Respublikasi madaniy meros departamenti mutaxassislari o‘rtasida videokonferensiya tarzida uchrashuv o‘tkazildi.
Onlayn muloqotda 2021 yilda O‘zbekistondagi madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya qilish uchun Eron ustalarini jalb etish, Eronning restavratsiya va regeneratsiya yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashish muhokama etildi. Shu bilan birga, Eronning Tehron universitetiga madaniy meros bo‘yicha mutaxassislarni yuborish, Anglashuv memorandumini imzolash, ikki davlat madaniy merosini asrab-avaylash borasida Qo‘shma fond tashkil etish kabi masalalar yuzasidan amaliy rejalarga e’tibor qaratildi.
Xususan, Tehron universiteti professorlari Eronda ko‘plab Temuriylar davriga oid madaniy meros ob’ektlari mavjudligi, shuningdek, rekonstruksiya bo‘yicha ustoz-shogird an’analari keng joriy qilinganligi, tarixiy ornamentlarni rekonstruksiya qilishda qadimiy qurilish predmetlaridan foydalanish usullari bilan o‘rtoqlashdilar.
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro kadrlar almashish, malaka oshirish bo‘yicha ham fikr almashdi.