Madaniy meros ob’ektlariga e’tibor kuchaydi
Madaniyat vazirining o‘rinbosari Kamola Oqilova va boshqalar madaniy merosni asrashga oid milliy qonunchilik zamon talabiga hamohang o‘zgarayotganini ta’kidladi.
Yurtimizdagi madaniy meros ob’ektlarini saqlashga oid ishlar ko‘ngildagidek-mi? Hududlardagi qurilish-bunyodkorlik ishlari shaharlarning o‘ziga xos tarixiy qiyofasiga qay tarzda ta’sir ko‘rsatmoqda? Me’moriy obidalarni konservatsiyalash, restavratsiya qilish yuzasidan yosh mutaxassislarning kasbiy salohiyati yetarlimi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Madaniyat vazirligi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shu kabi muammolar ko‘tarildi.
Madaniyat vazirining o‘rinbosari Kamola Oqilova va boshqalar madaniy merosni asrashga oid milliy qonunchilik zamon talabiga hamohang o‘zgarayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 19 dekabrdagi “Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori asosida Madaniyat vazirligi Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi hamda uning mintaqalararo (mintaqaviy) davlat inspeksiyalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros departamenti, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tashkil etildi. Departament qoshida tarix, me’morchilik, moddiy madaniy meros sohasida ilmiy, amaliy tajribaga ega bo‘lgan 11 nafar olim va yuqori malakali mutaxassislardan iborat bo‘lgan Ilmiy-ekspert kengashi tarkibi shakllantirildi. Madaniy meros departamentining Madaniy meros jamg‘armasi tashkil etildi. Hukumatning 2019 yil 30 maydagi “Sarmishsoy“, “Shahrisabz“, “Termiz“ va “Qo‘qon“ davlat muzey qo‘riqxonalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlari soni 8208 tani tashkil etib, ularning 4748 tasi ming yillik tarixiy ahamiyatga ega arxeologik ob’ektlar sanaladi. Mazkur ob’ektlarni davlat muhofazasiga olish maqsadida 8208 ta madaniy meros ob’ektining 91 foiz kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi. 2292 ta moddiy madaniy meros ob’ektida muhofaza belgilari, mahalliy va xorijiy sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida 1088 ta yo‘l ko‘rsatkichi o‘rnatilgan.
Prezidentimizning mamlakatning turli viloyatlariga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari asosida ko‘plab muqaddas qadamjolar obod etildi. Respublika budjeti hisobidan moddiy madaniy meros ob’ektlarini ta’mirlash-tiklash ishlari uchun ajratilayotgan mablag‘lar miqdori yil sayin ortmoqda.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga javob qaytarildi.