“Madaniy boyliklar qiymatini baholash” milliy baholash standarti qabul qilindi
Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standartiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Unga ko‘ra, “Madaniy boyliklar qiymatini baholash” milliy baholash standarti qabul qilindi.
Xususan, madaniy boyliklar, ya’ni moddiy dunyoning milliy, tarixiy, badiiy, ilmiy-ma’rifiy, ma’naviy-axloqiy va boshqa madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘char boyliklar, jumladan, tasviriy va amaliy san’at asarlari baholanadi.
Madaniy boyliklarni baholash qiyosiy, daromad va xarajat yondashuvlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Baholash ob’ektining madaniy boylik ekanligini tasdiqlovchi san’atshunos ekspertning xulosasi mavjud bo‘lishi madaniy boyliklar qiymatini baholashning eng muhim sharti hisoblanadi.
Mazkur standart madaniy boyliklar, jumladan, tasviriy va amaliy san’at asarlarining qiymatini aniqlash orqali ularni fuqarolik muomalasiga jalb qilishda, shu jumladan, sotish va sotib olish, garovga qo‘yish, sug‘urta qilish va boshqa munosabatlarda amal qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA