"Los-Anjeles-2028"da ko‘zlangan maqsadlarga qanday erishiladi?
O‘zbekiston sporti uchun shonli g‘alabalarni, quvonchli onlarni tortiq etgan "Parij-2024" Olimpiadasi ortda qolgan bo‘lsada, biz hali-hamon uning shukuhli damlari bilan yashamoqdamiz.
Albatta, To‘lqin Qilichev bosh murabbiyligidagi charm qo‘lqop ustalarimizning jahon havaskor boksida O‘zbekiston qudratini namoyish etgani, dzyudo olamida xotin-qiz sportchilarimizning nimalarga qodirligini ko‘rsatgan Diyora Keldiyorovaning, taekvondochimiz Ulug‘bek Rashidov, erkin kurashdagi legioner sportchimiz Razambek Jamalov, og‘ir atletikachimiz Akbar Jo‘rayev, taekvondochi qizimiz Svetlana Osipova, polvonlarimiz Muzaffarbek To‘raboyev, Alisher Yusupov, G‘ulomjon Abdullayev erishgan natijalar tarixiy yutuq sifatida e’tirof etilmoqqa arziydi.

Yutuqlar o‘zimizniki, muammolarimiz, kamchiliklarimiz ham birovniki emas. Shu jihatdan, Fransiya sport maydonlarida borini berib, kerak bo‘lsa jonini tikib Vatan sha’ni uchun barchamizni bir maqsad atrofida birlashtira olganlarga ehtiromimizni bildirgan holda "Parij-2024" Olimpiadasining yo‘llanmalarini qo‘lga kiritishda ayrim sport turlarida, yo‘nalishlarda yo‘l qo‘yilgan xatoliklar ham bo‘lganini aytish o‘rinli. Bevosita o‘yinlar jarayonidagi shiddatli bellashuvlarda kichkina masala tufayli naqd bo‘lgan imkoniyatdan foydalana olmaslik holatlarini tahlil etish, har bir yo‘nalishga haqqoniy bahoni berish, zarur xulosalar chiqarish, oqsoq tizimlarga yangicha yondashuv joriy etish orqali kelgusi musobaqalarda muvaffaqiyat qozonish mumkin bo‘ladi, nazarimizda.
Shu o‘rinda XXXIII Olimpiya o‘yinlarida futbol jamoamizning to‘rt yillik musobaqalarda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritishi, o‘z guruhida garchi omadsizlikka uchragan bo‘lsada, "Parij-2024" g‘olibligiga erishgan Ispaniyani, 4-o‘rin bilan kifoyalangan Misrni sarosimaga sola bilgani o‘zbek futbolining kelajagi oydinligidan dalolat. Bu, "Los-Anjeles-2028" Olimpiadasidagina emas, kelajakdagi jahon va qit’a chempionatlari yo‘lidagi harakatlarimiz samarali kechishiga umid uyg‘otdi.

Endi bevosita "Los-Anjeles-2028" Olimpiadasidagi imkoniyatlarimizga e’tibor qaratsak.
XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalarini qo‘lga kiritish, unda bevosita ishtirok etish, kerakli natijalarga erishish borasida terma jamoalarimiz, alohida sportchilarimiz kesimida ko‘rib chiqilganda boks, dzyudo, taekvondo, erkin kurash, og‘ir atletika, futbol kabi sport turlarida imkoniyatlardan to‘la-to‘kis foydalanilganiga guvoh bo‘lish mumkin.
Biroq taassuf bilan aytish lozimki, suv sport turlari, yengil atletika, qilichbozlik, gimnastika sport turlari, velosport, stol tennisi kabi yo‘nalishlarda belgilangan reja bajarilmay qoldi.
To‘rt yil oldinga o‘tib fikr yuritadigan bo‘lsak, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi va Xalqaro boks assotsiatsiyasi o‘rtasidagi kelishmovchilik tufayli okean ortida bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlaridan boks sporti chiqib ketsa, "Los-Anjeles-2028"da o‘zbek sportining lokomotivi bo‘lgan bokschilarimizning o‘rnini kimlar egallay oladi? Qaysi sport turi vakillari yengilmas bokschilarimizdek xalqimizga g‘alaba sururini tortiq qila biladi?

Los-Anjeles sport maydonlarida kechadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga qadar mamlakatimiz sportchilarini 2026 yili Yaponiyaning Nagoya shahrida o‘tadigan navbatdagi yozgi Osiyo o‘yinlari kutib turibdi.
Ushbu qit’a olimpiadasi sportchilarimiz, jamoalar uchun Olimpiada dovoniga chiqishdagi muhim sinov maydoni bo‘ladi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirish, iqtidorli yosh sportchilarni saralash, tanlash, yo‘naltirish borasida misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirilmoqda. Millionlab barkamol avlod vakillari kompleks musobaqalar, tanlovlar, saralash turnirlari bilan qamrab olinmoqda. Davlatimiz tomonidan zarur shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.
Shunday sharoitda sportimizning «oltin avlodi» orasidan ertaga yurtimizning chinakam sport qahramonlarini topishda murabbiy va seleksionerlarimizning jismoniy va ruhiy bilimi, tafakkuri, intellektual salohiyati, xalqaro tajribasi yetarlimi? Mahoratli sportchilarimizda ma’naviy va ruhiy quvvatni oshirish, ijtimoiy himoyasi borasidagi ishlarimiz ko‘ngildagidekmi, degan savollar tug‘iladi.
Mushohadalar turfa. Biroq masala mohiyati, uning yechimi to‘g‘ri qarorlar, belgilangan vazifalarni, xalq ishonchini qalban his etish, idrok qilish orqali amalga oshadiki, bu yo‘lda mamlakatimiz sport sohasi mutasaddilari, mutaxassislari, ekspertlari xalqaro tajribadan kelib chiqib zarur ishlarni amalga oshirishiga ishonamiz.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA