Livan: “Yaqin Sharq Shveysariyasi”ning qulashi (+video)
Bugun dunyo xaritasidagi juda kichik, ammo jahon siyosatidagi eng qaynoq nuqtalardan biri – Livan haqida so‘z yuritamiz. Bir paytlar bu mamlakatni “Yaqin Sharq Shveysariyasi” deb atashgan. Shunday yuksak nomga sazovor o‘lkada nega bugun tinchlik erishib bo‘lmas orzuga aylandi?
O‘rta yer dengizi sharqiy sohilida, bor-yo‘g‘i 10 452 kvadrat kilometr maydonni egallagan Livan bugungi kunda dunyoning eng xavfli hududlaridan biri hisoblanadi. Shimol va sharqdan Suriya, janubdan Isroil bilan chegaradosh bu davlat strategik joylashuvi tufayli asrlar davomida yirik kuchlar manfaati to‘qnashgan maydon vazifasini o‘tab kelmoqda.
XX asr 50-70-yillarida Livan mintaqaning eng boy va barqaror davlati, xuddi Shveysariya kabi Yaqin Sharqning bank va moliya markazi edi. Bu davlatdagi bank siri qonuni butun arab dunyosi sarmoyasi Bayrutga oqib kelishini ta’minlagan. Mamlakatning go‘zal tabiati, qorli tog‘ tizmalari va dengiz sohili sabab turizm gurkiragan. Madaniy xilma-xillik va iqtisodiy erkinlik Livanni sharqdagi eng liberal va farovon yurtga aylantirgan edi.
1943-yil Fransiyadan mustaqil bo‘lib chiqqan Livanning ichki siyosiy tuzilmasi o‘ta nozik muvozanatga asoslangan. Konstitutsiyaga ko‘ra, prezident xristian, bosh vazir sunniy musulmon, parlament spikeri esa shia musulmon bo‘lishi shart. Bir vaqtlar madaniy qadriyat sanalgan bunday diniy xilma-xillik keyinchalik tashqi kuchlar aralashuvi omili sifatida zaif nuqtani kattalashtirdi.
Bugungi kunga kelib Livandagi vaziyat o‘ta og‘ir harbiy va gumanitar inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Buning asosiy sababi 2026-yil 2-martda AQSH va Isroil Eronga bergan qo‘shma zarbadan so‘ng boshlangan zanjirband voqealardir. Shu hujumdan so‘ng Livan janubini amalda nazorat qiluvchi, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi aytiladigan “Hizbulloh” guruhi Isroilga qarshi keng ko‘lamli raketa hujumini boshladi. Aynan shu qaror Isroil armiyasining Livan hududiga bevosita bostirib kirishi va “Shimoliy qalqon” nomli harbiy amaliyot boshlanishiga sabab bo‘ldi.
Garchi AQSH prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan bir oy avval rasmiy sulh e’lon qilingan bo‘lsa-da, 14-may holatiga ko‘ra jangovor harakat susaygani yo‘q. Isroil aviatsiyasi va dronlari Sidon, Nabatiya va hatto poytaxt Bayrut atrofini nishonga olishda davom etyapti. Hozirgacha halok bo‘lganlar soni 2 900 dan oshib, o‘n minglab uy yer bilan yakson qilingan.
Dunyo hamjamiyati e’lon qilgan rasmiy sulh kelishuvi faqat qog‘ozda qolgan. Isroilning zamonaviy dronlari va aviatsiyasi aholi zich joylashgan tumanlarga ayovsiz zarba bermoqda. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, qurbonlarlarning aksari ayollar va bolalar. Eng achinarlisi, 10 600 dan ko‘p uy-joy butkul xarob bo‘lib, 1 milliondan ortiq inson o‘z vatanida qochqinga aylandi.
Livan nafaqat tashqi ta’sir, balki ichki iqtisodiy halokat bilan ham kurashmoqda. Milliy valyuta Livan lirasi qiymatini 95 foiz yo‘qotgan. Infratuzilma butkul ishdan chiqqan, elektr energiyasi kuniga atigi bir necha soat beriladi. Bunday holat dori-darmon va yonilg‘i tanqisligi bilan qo‘shilib, gumanitar falokatni chuqurlashtirmoqda.
Hozirda Livan armiyasi emas, balki davlatdan ko‘ra kuchliroq qurollangan “Hizbulloh” guruhi Isroilga qarshi jang qilayotgani bois, rasmiy hukumat vaziyatni jilovlashda butkul ojiz qolgan.
Shu tariqa, bir paytlar “Yaqin Sharq Shveysariyasi” deya jozibador nomlangan diyor bugun Eron va Isroil urushining qonli maydoniga, vayrona va qochqinlar makoniga aylanib, xalqaro hamjamiyat uchun o‘ta xavfli “qizil hudud” sifatida baholanmoqda.
Ushbu ko‘rsatuvni O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ntMBUCQaZWQ" title="Livan: “Yaqin Sharq Shveysariyasi”ning qulashi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Fardona Yaxshiboyeva, Iskandar Ismatov (videomuhandis), O‘zA