Litva yadroviy qurolga oid konstitutsiyaviy taqiqni bekor qilmoqchi
Litva parlamenti mamlakat hududida yadroviy qurol joylashtirilishini taqiqlovchi konstitutsiyaviy normani bekor qilishga birinchi qadamni qo‘ydi. Vilnyus bu orqali NATOning yadroviy tiyib turish tizimida to‘liq ishtirok etish va mudofaa imkoniyatlarini kengaytirishni ko‘zlamoqda.
Parlamentdagi ovoz berishda 106 deputat tashabbusni qo‘llab-quvvatladi, 18 nafari qarshi chiqdi, olti nafari esa betaraf qoldi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirish kamida uch oydan keyin yana ovozga qo‘yiladi va uni qabul qilish uchun 141 deputatdan kamida 94 nafari tasdiqlashi kerak.
Yakuniy ovoz berish 2027-yil 12-yanvar kuniga rejalashtirilgan. Amaldagi 137-modda Litvada ommaviy qirqin qurollari — katta hudud va ko‘p sonli odamlarni yo‘q qilishga qodir qurollar hamda xorijiy harbiy bazalar joylashtirilishini taqiqlaydi. Shu sababli hozircha yadroviy qurol olib yuruvchi ittifoqchi samolyotlar yoki kemalarining o‘lka hududiga kirishi ham huquqiy jihatdan cheklangan.
Tashabbus tarafdorlari Litva Respublikasi Latviya, Estoniya va Polsha kabi NATOga a’zo davlatlardan kamroq himoyalangan holatda qolmasligi kerakligini ta’kidlamoqda. Finlyandiya ham shu yil yadroviy qurolga oid milliy taqiqni bekor qilgan, biroq Xelsinki bu qaror mamlakatda yadroviy qurol joylashtiriladi yoki sotib olinadi, degani emasligini ma’lum qilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA