Limonsevarlar mevani daraxtdan uzib, isteʼmol qiladi
Limon mevasi ancha chidamli, xaridorgir va eksportbop.
Limon mevasi ancha chidamli, xaridorgir va eksportbop. Noyabr oyida uzilgan limonlarni uy sharoitida mart, hatto, aprel oyining boshlariga qadar saqlash mumkin. Bizning tuproqda yetishtirilgan limonlarchi? Sersuv va mazali. Har tupdan 60-70, ayrim hollarda 80-90 kilogrammgacha meva olish mumkin.
Tomorqadan daromad olishning nisbatan foydali va arzon usuli limonzor barpo etish ekanini koʻpchilik qayd etilmoqda. Bunday talabni hisobga olgan Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi jamoasi ham yangi loyihalarga qoʻl urmoqda.
Ana shunday loyihalardan biri Samarqand viloyatining Samarqand tumanida amaliyotiga tatbiq etiladi. Ayni vaqtda 161 ming nafar aholi istiqomat qilayotgan tumanda 40 mingdan ortiq yer egalari bir ming bir yuz gektardan ortiq maydonda dehqonchilik qilmoqda. Shu bois bu yerda sabzavot va limon yetishtirish hamda koʻchatchilik markazi tashkil etiladi.
- Oʻtgan yili 702 xonadonda limon yetishtirilib, 35 milliard daromad olindi, - deydi Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakili Ilyos Yetkinov. - Misol uchun,Nayzatepa mahallasida yashovchi Joʻrabek Boqiyev yetti sotix issiqxonada oʻtgan yili 4 tonna limon yetishtirib, 43 million daromad olgan.
Endi ana shunday daromad oluvchi oilalarni sonini yana-da oshirish maqsadida tumanda limonchilik rivojlantiriladi. Buning uchun aholiga 650 million soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratiladi. Koʻchatlar parvarishida xatoga yoʻl qoʻymaslik uchun limon yetishtirishda tajriba toʻplagan ustozlar koʻmagida ustoz-shogird anʼanasi yoʻlga qoʻyiladi. Limonni qayta ishlash korxonalari, sovutkichlar ham quriladi.
Agarda tajriba yaxshi samara bersa, viloyatdagi 14 tumanda ham keng ommalashtirish moʻljallanmoqda. Bunda tumanlarning tuproq – iqlimi albatta, hisobga olinadi.
Qayd etish kerakki, ana shunday limonzorlar tashkil etilgan qishloqlarda kelgusida agroturizmni rivojlantirish maqsadida mehmon uylar barpo etish ham rejalashtirilgan. Albatta, limonsevarlar uchun pishiqchilik vaqtida mevani oʻz qoʻli bilan uzish, dalada kesib isteʼmol qilish zavqli.