Le Pen Fransiyani NATOdan chiqarishga va’da berdi
Agar Fransiyaning o‘ta o‘ngchilar yetakchisi Marin Le Pen saylovda g‘alaba qilsa, mamlakatni Shimoliy Atlantika alyansi tarkibidan chiqarishga va’da berdi.
"Agar meni prezident qilib saylashsa, men NATOning birlashgan qo‘mondonligidan chiqaman, lekin alyans nizomining 5 bandida ko‘rsatilgan o‘zaro himoyalanishdan voz kechmayman ", dedi siyosatchi o‘zining tashqi siyosat dasturi bo‘yicha o‘tkazgan matbuot anjumanida. Uning ta’kidlashicha, Fransiya qo‘shinlarini Alyans birlashgan qo‘mondonligi ixtiyoriga ham, kelgusida Yevropa qo‘mondonligi ixtiyoriga ham bermaydi. Uning aytishicha, Fransiya Amerika protektoratiga bo‘ysunmaydi.
Fransiyada Prezident saylovining birinchi davrasi 10 aprelda bo‘lib o‘tdi. Fransiya ichki ishlar vazirligining yakuniy ma’lumotida aytilishicha, mamlakatning amaldagi Prezidenti Emmanuel Makron 27,84 foiz, Marin Le Pen esa 23,15 foiz ovoz olgan. Saylovning ikkinchi davrasi 24 aprelda bo‘lib o‘tadi.