Lagandagi bo‘yoqlar raqsi
Poytaxtimizda kulol Abdurahim G‘ofurovning “Lagandagi bo‘yoqlar raqsi” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Abdurahim G‘ofurov 1954-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan.

Bolaligida eshitish qobiliyatidan ayrilganiga qaramay, u mustaqil ravishda tasviriy san’at sirlarini o‘rganib, keyinchalik kulolchilik va badiiy bezak san’atida o‘ziga xos uslub yaratishga muvaffaq bo‘ldi.
U mehnat faoliyatini 1973-yilda M.Rahimov nomidagi Toshkent badiiy keramika tajriba kombinatida rassom sifatida boshlagan. Shuningdek, Alisher Navoiy metro bekati bezaklarini yaratishda ham o‘z hissasini qo‘shgan.

Bugungi kunda ustaning 50 yillik ijodiy faoliyati davomida yaratilgan noyob sopol buyumlari jamlangan uy-muzeyi mahalliy va xorijiy mehmonlarning sevimli maskaniga aylangan.
Ko‘rgazmada kulolning turli yillarda yaratilgan “Mazayka”, “Dil bayoru – Dast bakor”, “Bodom”, “Ko‘z”, “Toshlar jilosi”, “Fantaziya”, “Qalampir”, “Humo” va “Laganlar jilosi” kabi asarlari hamda 80 dan ortiq turli shakldagi laganlari namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazma 21-iyunga qadar davom etadi.
G.Boboyeva, O‘zA