“Labbayka”ni aytib, farz amallarini bajarayapmiz”
Haj – 2025
Shu kunlarda 55 nafar yozyovonlik Haj ziyoratini amalga oshirishmoqda. Quvonarli tomoni, hech qachon bunchalik ko‘p tumandoshlarimiz bir vaqtning o‘zida muborak safarda bo‘lmagan.
Ziyoratchilar tuman hokimligi, ichki ishlar bo‘limi, tibbiyot birlashmasi vakillari tomonidan izzat-ikrom bilan Namangan xalqaro aeroportigacha kuzatib qo‘yilgan edi. Aeroportda esa bo‘lg‘usi hojilarga ishchi guruh a’zolari, yoshlar sidqidildan xizmat qildilar. Madinai munavvaraga kelib tushgach ham shunday bo‘ldi.
– Qarang, ziyoratga kelgunimizcha yuklarimizga qo‘limizni tekkizmadik, – deydi mehnat faxriysi Odiljon Hakimov. – Xizmat ko‘rsatuvchilarning chaqqonligi-yu, shirin so‘zligiga nima deysiz?! Shunday sharoit yaratib bergan Yurtboshimizga rahmat.
Biz dastlab Madina shahrida Payg‘ambarimiz Muhammad sollal-lohu alayhi vasallamning masjidlarida besh vaqt namozlarni o‘qidik. So‘ngra ikki olam sarvari ravzalarini ziyorat qilib, ko‘plab yurtdoshlarimizning salomlarini yetkazdik. Birin-ketin Islom dini tarixida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan manzillar – “Qubo” masjidi, Uhud tog‘i, “Baqi’” qabristoni ziyoratlarida bo‘ldik.
Tarixiy qadamjolarda biz Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, o‘tganlar haqqiga bag‘ishladik. Shuning barobarida shunday ulug‘ joylarda yurtimizga tinchlik-omonlik, baraka tilab, ota-bobolarimiz orzusi bo‘lgan Haj amallarini bajarish nasib etgani uchun bu xayrli ishlar boshida turgan katta-yu kichik rahbarlar ishiga rivoj tilab, qo‘llarimizni duoga ochdik.
Tezdagina dastlabki kunlar o‘tib ketdi. ”Xayr, Madinai munavvara, salom Makkayu mukarrama”, deya ehromni bog‘lab, yo‘lga tushdik. Miqodga kirishdagi Zulf hulayfa masjidida Umra amalini bajarishni niyat qilib, ikki rakat namoz o‘qidik-da, “labbayka”ni aytib, yo‘lda davom etdik.
Makkayu mukarramada yurtdoshlarimiz uchun ajratilgan mehmonxonada ishchi guruh a’zolari hadyalar bilan kutib olishdi. Belgilangan xonalarga joylashib, Umra amalini bajarish uchun harami sharifga yo‘l oldik.
– Shunday ulug‘ joylarga yetkazgani uchun Allohga shukur, – deydi cho‘ligulistonlik mehnat faxriysi Muhammadjon Qo‘chqorov. – Haj amallarini bajarishga umr yo‘ldoshim bilan kelganmiz. Sharoitlar juda yaxshi.
Ellikboshimiz Ayubjon domla Aliyev boshchiligida Ka’bani tavob aylab, Safo va Marva tepaliklari o‘rtasida sayr qildik.
Biz farg‘onaliklarga ajratilgan mehmonxonada Andijon, Xorazm viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan yurtdoshlarimiz ham joylashdi. Mehmonxona masjidi haram hududiga kiradi. Bu yerda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, ul zotning noibi va boshqa ulamolar tomonidan o‘tkazilayotgan foydali suhbatlardan bahramand bo‘lyapmiz.
Oldimizda turgan musulmonchilikning beshinchi farzi – Haj ziyoratini amalga oshirishda Alloh kuch-quvvat bersin barchamizga, omin!
Azimjon Xudoyqulov,
Saudiya Arabistonining Makka shahri.
O‘zA