O‘zbekistonda XI Yevropa kinofestivali bo‘lib o‘tadi
Kino san’ati xalqlar madaniyati va qadriyatlarini namoyon etish, mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro kinofestivallar esa turli mamlakatlar kinematografiyasi yutuqlarini keng jamoatchilikka yetkazish, ijodiy tajriba almashish va tomoshabinlarni yangi asarlar bilan tanishtirish uchun muhim maydon hisoblanadi.
Ana shunday madaniy tadbirlardan biri – XI Yevropa kinofestivali. Festival 23-25-oktabr kunlari Toshkentda, 27-oktabr kuni esa ilk bor Urganch shahrida bo‘lib o‘tadi.
Festival dasturidan drama va biografik asarlardan tortib, hujjatli filmlar hamda animatsion lentalargacha bo‘lgan 11 ta film o‘rin olgan. Ular O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida namoyish etiladi. Shuningdek, 28-oktabr kuni Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan hamkorlikda talabalar uchun qisqa metrajli filmlar namoyishini tashkil etadi. Moc Hub madaniy makonida ham keng jamoatchilik uchun filmlar namoyishi o‘tkaziladi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi axborot xizmati rahbari Malika Musayevaning ta’kidlashicha, festival Yevropa mamlakatlari kinematografiyasi bilan tanishish, ularning madaniy merosi va ijodiy yondashuvlarini kashf etish, shuningdek, O‘zbekiston va Yevropa davlatlari o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
– Festival doirasida Kipr, Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Italiya, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Ruminiya va Sloveniya elchixonalari o‘z filmlarini taqdim etadi. Tadbirni tashkil etishda Gyote instituti hamda Toshkentdagi Fransiya alyansi ham faol ishtirok etmoqda. Dasturdan o‘rin olgan bir qator filmlar milliy va xalqaro kino mukofotlari sovrindorlari hisoblanadi, – dedi Malika Musayeva.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa kinofestivali 2013-yildan buyon har yili Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, Yevropa davlatlari elchixonalari hamkorligida va Kinematografiya agentligi ko‘magida o‘tkazib kelinmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA