KXDR o‘z konstitutsiyasidan Janub bilan birlashish bandlarini chiqarib tashladi
Koreya Xalq Demokratik Respublikasi konstitutsiyasiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar orqali Janubiy Koreya bilan birlashishga oid barcha normalar bekor qilindi. Shu bilan birga, rasmiy Pxenyan Janubni ochiqchasiga “dushman davlat” sifatida belgiladi, deb yozdi "DW" nashri.
Xabarda KXDR qonunchiligidagi mazkur o‘zgarishlar mart oyida parlament Oliy xalq yig‘ini tomonidan qabul qilingani aytiladi.
O‘lkaning yangi tahrirda Bosh qomusida mamlakat hududi ilk bor aniq ta’riflangan: unga quruqlik, dengiz hududlari va havo makoni kiritilgan bo‘lib, shimolda Xitoy va Rossiya, janubda esa Janubiy Koreya bilan chegaralanishi qayd etilgan.
Hujjatda davlat hududiy daxlsizligiga har qanday tajovuzga yo‘l qo‘yilmasligi alohida ta’kidlangan. Ayni paytda, janub bilan aniq chegara chizig‘i yoki bahsli dengiz hududlari ochiq ko‘rsatilmagan.
Yangi konstitutsiyaga muvofiq, Kim Chen In rasman davlat rahbari sifatida mustahkamlandi. Ilgari u oliy rahbar sifatida ta’riflangan bo‘lsa, endi rasmiy ravishda davlat yetakchisi maqomiga ega bo‘ldi.
So‘nggi yillarda Pxenyan va Seul o‘rtasidagi munosabatlar izchil ravishda yomonlashib bormoqda. Xususan, 2024-yil boshida Kim Chen In Janubiy Koreyani konstitutsiya darajasida asosiy dushman sifatida belgilash tashabbusini ilgari surgan edi.
Janubiy Koreya tomonidan muzokara bo‘yicha bir necha bor bildirilgan takliflar esa Pxenyan tomonidan rad etilgan.
D.Hakimov, O‘zA