Kvota berilsayu ish topilmasa
Maʼlumki, aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun kvotalar ajratiladi.
Maʼlumki, aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun kvotalar ajratiladi. Afsuski, bunday yoʻllanma bilan ham tashkilotdan tashkilotga sarson boʻlayotganlar ham bor.
Zarafshonlik Gullola Rahmonova ikkinchi guruh nogironi. Gullola Zarafshon shahar bandlikka koʻmaklashish markazidan bir necha marotaba kvota olgan boʻlsada, har safar korxonalar eshigidan qaytgan. Unga rad javobini bergan tashkilotlardan biri shahar Tibbiyot birlashmasi edi.
Bu Zarafshon shahar adliya boʻlimi tomonidan tibbiyot birlashmasida qonunchilikka rioya etish boʻyicha oʻtkazilgan monitoring davomida maʼlum boʻldi.
Aniqlanishicha, Zarafshon shahar hokimining qaroriga bilan fuqaro G.Rahmonova shahar Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan joriy yilning 20-yanvarida 7-sonli kvota yoʻllanmasi orqali ishga joylashtirish uchun Zarafshon shahar tibbiyot birlashmasiga yuborilgan.
Biroq, tashkilot mutasaddilari boʻsh oʻrin yoʻqligini sabab qilib koʻrsatib, fuqaroni ishga qabul qilmagan. Holatni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablari buzilishi bilan izohlash mumkin.
Shu oʻrinda kvota qanday asosga koʻra berilishiga toʻxtalib oʻtsak. Qonunchilikda bunday yoʻllanmalar tuman, shahar Bandlikka koʻmaklashish markazining taklifi boʻyicha tumanlar, shaharlar hokimlari tomonidan fuqarolarning ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan boshqa toifalari, shuningdek, atrofdagilar uchun xavf tugʻdirmaydigan ijtimoiy ahamiyatli kasalliklardan azob chekuvchi shaxslar uchun oldindan zaxiraga olingan oʻrinlarga berilishi nazarda tutilgan.
Agar kvotalangan oʻrinlar oldindan band etilgan boʻlsa, nega kvota olgan shaxslar ishga borganda rad javobini olishmoqda?
Bunga yagona sabab, zaxiraga olingan oʻrinlarning boshqa xodimlar bilan noqonuniy toʻldirilayotganidir. Zarafshon shahar tibbiyot birlashmasida ham aynan shu sabab G.Rahmonova tashkilot ostonasidan qaytarilgan.
Taʼkidlash lozim, korxona, tashkilot rahbarlarining kvotalangan ish oʻrinlariga boshqa xodim olishi qonunbuzilishi hisoblanadi. Bunday paytda ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 50-moddasi 2-qismi bilan maʼmuriy javobgarlik qoʻllaniladi.
Shu asosda, Zarafshon shahar Tibbiyot birlashmasi boshligʻi ham fuqaro G.Raxmonovani ishga tiklab berish sharti bilan 2 million 230 ming soʻm miqdorida jarimaga tortildi.
Orif NASIROV,
Zarafshon shahar adliya boʻlimi
bosh maslahatchisi