Kutubxonada yangi kitoblar taqdimoti
Samarqand viloyati axborot-kutubxona markazida “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”, “Zarif so‘z ziyorati” va “O‘zbek tili omonimlari lug‘ati” kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi o‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mas’ullari, tilshunos va adabiyotshunos olimlar, davlat tili bo‘yicha maslahatchilar, axborot-kutubxona markazlari xodimlari ishtirok etdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi o‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi raisi A.Eminov, o‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti professori A.Hasanov va boshqalar ushbu nashrlarning ilmiy ahamiyati, navoiyshunoslikni boyitishdagi o‘rni hamda ularning o‘quvchilar va tadqiqotchilar uchun qanchalik muhim manba ekanligi haqida so‘z yuritdi.

– “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”ning buyuk mutafakkir hayoti va ijodiy merosini tizimli hamda ilmiy asosda o‘rganish, navoiyshunoslik yo‘nalishidagi tadqiqotlarni yangi ma’lumotlar bilan boyitishda qimmatli manba hisoblanadi, – deydi Samarqand viloyati hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherali Temirov. – “O‘zbek tili omonimlari lug‘ati” esa o‘zbek tilining leksik qatlamini chuqur o‘rganish, omonim birliklarning ilmiy tavsifini berish va zamonaviy tilshunoslik tadqiqotlarini rivojlantirishga xizmat qiladigan kitob bo‘ldi. “Zarif so‘z ziyorati” nashri o‘quvchida o‘zbek so‘z san’ati, adabiy-estetik tafakkur va milliy ma’naviy merosni anglashga yordam beradi. Uch kitob ham o‘zbek tili va adabiyotining nodir asarlaridan biri sifatida nafaqat bugungi kun, balki kelajakda ham qimmatli manba bo‘ladi.

Taqdimot yakunida axborot-kutubxona markazlari va ta’lim muassasalarining kitob fondini ushbu yangi nashrlar bilan boyitish zarurligi ta’kidlandi.
G‘.Hasanov, O‘zA