Kurash: Abror Ismoilov xotira turnirida Toshkent jamoasi g‘oliblikka erishdi
Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi majmuasida kurash bo‘yicha Abror Ismoilov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnirda mamlakatimizning turli hududlaridan hamda qo‘shni mamlakatlardan kelgan 250 nafardan ziyod yosh kurashchilar o‘z mahoratini namoyish etdi.
Musobaqalarda 2012–2013, 2014–2015 hamda 2016–2017-yillarda tug‘ilgan kichik o‘smirlar 15 ta vazn toifasida bellashdi.
– Mamlakatimizda milliy sportimiz kurashning dunyo bo‘ylab keng ommalashishiga alohida e’tibor qaratilishi bilan birga o‘z vaqtida chempionlikka erishgan, xalqaro musobaqalarda vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan polvonlar xotirasini qadrlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Abror Ismoilov o‘z vaqtida shunday sportchilardan biri edi. U kurash endi-endi xalqaro maydonda rivojlanayotgan davrlarda ko‘plab davlatlarda, yurtimizda o‘tkazilgan turnirlarda munosib ishtirok etib, kurashning jozibasini o‘z usullarida namoyish etgandi. Bugun u oramizda yo‘q. Lekin Abror Ismoilov qo‘llagan kurash usullari, uning o‘ziga xos kurash maktabi har doim yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelmoqda, – deydi kurash bo‘yicha Toshkent shahar terma jamoasi murabbiyi Adham Ravshanov.

Murosasiz bellashuvlarga boy kechgan turnir yakunida umum jamoa hisobida Toshkent shahri jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlar Jizzax, Uchtepa, Namangan jamoalariga nasib etdi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA