Kunchiqar mamlakat bilan hamkorlik yangi bosqichda
Tadbirda parlamentlararo hamkorlik, madaniy-gumanitar aloqalar haqida ham soʻz yuritildi.
Toshkentda “Oʻzbekiston – Yaponiya: toʻrtinchi sanoat inqilobi davrida hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar” mavzuida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Xalqaro munosabatlar axborot-tahliliy markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida tashkil etildi. Unda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, “Maʼno” tadqiqot tashabbuslari markazi mutaxassislari ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi chogʻida Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion, fan-taʼlim sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan koʻplab istiqbolli kelishuvlarga erishildi. Kunchiqar mamlakat bilan munosabatlarni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb qilish hajmini oshirishga qaratilgan mazkur kelishuvlar oʻzaro hamkorlik tarixida yangi sahifa ochdi.
Davra suhbatida ekspertlar Yaponiya bilan munosabatlar tizimli, koʻp qirrali koʻrinish kasb etib, oʻzaro hurmat va ikki tomon manfaatlarini hisobga olish ruhida rivojlanayotganini alohida taʼkidladi.
Tokio Oʻzbekistonda infrastruktura, energetika, transport va zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi mumkin boʻlgan boshqa sohalar rivojiga alohida eʼtibor qaratmoqda. “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasidagi loyihalarga kiritiladigan investitsiyalar mamlakatimiz hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga koʻmaklashadi.
Mutaxassislar fikricha, tashrif yakunlari boʻyicha imzolangan kelishuvlar Yaponiya kapitalining Oʻzbekistonda mustahkam oʻrin egallashiga zamin yaratadi. Masalan, Nagoya shahri bilan Toshkentda yuqori texnologiyalar parki barpo etish, Oʻzbek – Yapon yoshlarining innovatsion markazini tashkil qilish boʻyicha erishilgan kelishuv natijasida iqtisodiyotning muhim tarmoqlari jadal rivojlanishini taʼminlovchi mustahkam platforma yaratiladi. Shuningdek, yosh, istiqbolli kadrlarni tayyorlash imkoniyatlari yanada kengayadi.
Tahlilchilar Oʻzbekistonga kelayotgan yaponiyalik sayyohlar tobora ortayotgani, Kunchiqar yurt aholisining mamlakatimiz sayyohlik obyektlariga qiziqishi juda yuqori ekanini alohida taʼkidladi. 2018-yilda Yaponiya fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilinishi bu yurtdan yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimi toʻrt barobar koʻpayishiga sabab boʻldi.
Tadbirda parlamentlararo hamkorlik, madaniy-gumanitar aloqalar haqida ham soʻz yuritildi.
Toshkent va Tokio oʻrtasida “Yaponiya + Markaziy Osiyo” formatidagi hamkorlik haqida gap ketganda, ekspertlar Yaponiya Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda ishonchli va yaqin qoʻshnichilik muhitini yaratishga qaratilgan mintaqaviy siyosatini qoʻllab-quvvatlashini alohida taʼkidladi. Yaponiya iqtisodiyotni liberallashtirish, hududni yagona yirik iqtisodiy makonga birlashtirish va boshqa bozorlarga chiqish uchun Oʻzbekiston va mintaqaning boshqa davlatlaridan yordamini ayamaydi.
Kunchiqar mamlakat Markaziy Osiyoda oʻzining mintaqaviy siyosatini amalga oshirish uchun Oʻzbekistonga alohida ahamiyat qaratadi. Bunga Yaponiyaning mazkur mintaqa davlatlariga ajratgan yordami hajmining 57 foizi Oʻzbekistonga toʻgʻri kelishi fikrimiz dalilidir.
Davra suhbati ishtirokchilari dunyoda va mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarda kechayotgan jiddiy oʻzgarishlar sharoitida Yaponiya bilan koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish Oʻzbekistonning strategik manfaatlariga javob berishi haqida yakdil fikr bildirdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Yaponiyaga tashrifi Tokioning eʼtiborini Markaziy Osiyo bilan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga, Oʻzbekistonda kechayotgan keng qamrovli ijtimoiy-iqtisodiy transformatsiya jarayonlariga qaratishi qayd etildi.