Kun tartibidagi muammoning yechimi faqat global muloqotda!
“Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi doirasida anjumanning asosiy tashkilotchilaridan biri - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov mavzuning dolzarbligini ta’kidlarkan, shu bilan birga muhokama markazidagi masalalar yechimi bo‘yicha aniq taklif, fikr-mulohaza bildirdi:
- Barcha dinlar, turli e’tiqodga mansub kishilar o‘rtasida yaqin muloqot yo‘lga qo‘yilishi butun odamzot taraqqiyotiga, yer yuzidagi barcha kishilar uchun birdek tanish bo‘lgan umuminsoniy qadriyatlarni yanada teranroq tushunish va anglab yetishga, boyitishga beqiyos hissa qo‘shadi. Shuning uchun ham diniy va madaniy rang-baranglikni hurmat qilish, bag‘rikenglik, muloqot, o‘zaro bir-birini tushunish, turli madaniyatlar, sivilizatsiyalar va xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu butun dunyo bo‘ylab umumiy maqsadlarni amalga oshirish, ijtimoiy adolat o‘rnatish, do‘stlik, inson huquqlari muhofazasini ta’minlash, jaholat va zo‘ravonlik amaliyotini butunlay yo‘q qilishga erishishga ko‘maklashadi. Ayni yo‘nalishda inson haq-huquqlariga rioya etilishi va dinlar rang-barangligi hurmat qilinishi asosida bag‘rikenglik madaniyatini rag‘batlantirish bo‘yicha global muloqotni qo‘llab-quvvatlash zarur. Mazkur jarayonda davlat, huquqni himoya qilish hamda nodavlat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatlari faoliyati muhim o‘rin egallaydi.
G‘.XONNAZAROV, O‘zA