Kumushkonda oltin kuz manzarasi
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati tomonidan jurnalstlar va fatograflar uchun Parkent tumanining so‘lim va bahavo maskanlariga press-tur tashkil etildi. Hududdagi eng so‘lim maskanlarda sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar tanishtirildi.
Oltin kuzning o‘ziga xos rang-barangligi, dalalar va bog‘larda hosil yig‘im terimi avjiga chiqqan shu kunlarda hududning tabiati kishini o‘ziga maftun etadi. Shu sababli hozir bu yerga sayohatga keluvchilarning keti uzilmaydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Kumushkon turizm qishlog‘ida 77 ta mehmon uyi faoliyat yuritadi. Yil oxirigacha ular soni yana 100 taga ko‘payishi rejalashtirilgan. Bu ishlarni qishloqda birinchilardan bo‘lib boshlagan Inobat G‘iyosova “Kumushkon saxovati” oilaviy korxonasi tashkil etgan. U yil bo‘yi minglab sayohlarga xizmat ko‘rsatadi.
– Hazrati Ali buva ziyoratgohiga kelganlar mahallamizdagi xonadonlarda dam olib keyin ketadi. Mehmon uyi tashkil etganimizga rasman ko‘p bo‘lmadi. Biroq avvaldan mehmonlarga xizmat ko‘rsatib kelganmiz. Mehnatlarimiz ortidan to‘ylar qildik, daromadimiz oshdi. Mavsumda ishchilarimiz soni oila a’zolarim bilan qo‘shib hisoblaganda 15 nafarga yetadi. Ularga yaxshigina maosh to‘laymiz. Kuz mavsumida hududimiz tabiati juda chiroyli va sokin bo‘ladi. Aynan shuning uchun shahar shovqinidan charchaganlar biz tomon intiladi.
[gallery-9422]
Tahlillarga ko‘ra, Parkent tumanida moddiy madaniy ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga 69 ta manzil kiritilgan. Hozir ulardan ayrimlarining faqat nomi saqlangan xolos. Ulardan biri “Masjidali” ziyoratgohi – xalq orasida alohida mehr bilan yodga olinadigan Hazrat Ali nomi bilan bog‘liq ko‘rkam qadamjo hisoblanadi. Bu joy viloyatning eng ajoyib diqqatga sazovor joylaridan biridir. Ziyoratgohda ulkan chinor va shifobaxsh buloq suvi ziyoratchilar tomonidan e’zozlanib, bu mo‘’jizalarni ular aynan Hazrat Alining tashrifi bilan bog‘laydi. Uning hassasidan chinor daraxti ko‘karib chiqqan. Bu chinor hozir ham barq urib turibdi. Ushbu hududda qadimdan kumush konlari mavjud bo‘lib, 5 ta buloq bor. Suvlarning tarkibi foydali moddalarga boy va inson salomatligiga nihoyatda foydali hisoblanadi. Dastlab, ziyoratgohda 1982 yil qishloq aholisi tomonidan hashar yo‘li bilan 1 ta xonaqoh va 1 ta ayvon qurilgan. 2010 yilda mahalliy ustalar tomonidan binolar qayta ta’mirlanib, masjid ham qurilgan. Ziyoratgohgacha 60 ta zinapoyani bosib, o‘tish lozim. Shuningdek, ziyoratgoh yuqorisida o‘tov qurilgan bo‘lib, u yerda muzey, sayohatchilar uchun hunarmandchilik va kashtachilikdan master-klass o‘tkaziladi.
Press-tur davomida fotomuxbirlar Kumushkonning go‘zal manzaralarini suratga oldi.
A.Musayev,
D.Ernazarov (surat), O‘zA