Krishtianu Ronaldu 2006-yildagi jahon chempionatining eng yaxshi yosh futbolchisi deb topilgan biroq...
FIFA eng yaxshi yosh futbolchi mukofotini Germaniya terma jamoasi vakili Lukas Podolskiga topshirgan.
2006-yilda Germaniya yashil maydonlari mezbonlik qilgan jahon chempionatida Portugaliya terma jamoasining yosh yulduzi Krishtianu Ronaldu turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan, ammo FIFA unga bu sovrinni berishdan bosh tortgan.
Krishtianu Ronalduga ushbu sovrining berilmasligini asosiy sababi sifatida "Fair Play" bilan bog‘liq vaziyatlar ko‘rsatilgan. FIFA rasmiylari Ronalduning xatti-harakatlari, ayniqsa, o‘sha mashhur bo‘lib ketgan Runiga ko‘z qisib qo‘yishi unga ushbu sovrinni berilmasligiga asosiy sabab qilib keltirgan.

FIFA texnik tadqiqot guruhi rahbari Xolger Oisek matbuot anjumanida ochiqchasiga shunday degan:
"Biz yaxshi xulq-atvorni rag‘batlantirmoqchi edik va Krishtianu Ronalduning Angliyaga qarshi o‘yindagi xatti-harakatlari bizning qarorimizga salbiy ta’sir ko‘rsatdi".
O‘sha vaqtlar eng yaxshilarni aniqlashda muxlislar o‘rtasida so‘rovnoma ham o‘tkazilgan. Muxlislarning ovoziga ko‘ra ham aynan Krishtianu birinchi o‘rinni egallagan edi. FIFA yakuniy qarorni mutaxassislarga qoldirgan va ular Ronalduni ushbu sovringa nomunosib deb topib, eng yaxshi yosh futbolchi mukofotini Germaniya terma jamoasi vakili Lukas Podolskiga topshirgan.
Ronaldu o‘sha turnirda terma jamoa safida yarim himoyachi pozitsiyasida harakat qilgan edi.