Kreditlar farovonlikka xizmat qilmoqda
“Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan ham tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 2011 yil 11 martdagi “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga kredit berishni ko‘paytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.“Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan ham tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bank matbuot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida kichik biznes sub’ektlariga qariyb 180 milliard so‘m, o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘layotgan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga esa qariyb 5,8 milliard so‘m imtiyozli kreditlar berilgan. Bundan tashqari, tadbirkor xotin-qizlar rahbarlik qilayotgan xo‘jalik sub’ektlariga 35,1 milliard so‘m kredit yo‘naltirilgan.
– Ikki yil avval bankdan 30 million so‘m sarmoya olib, zamonaviy, ko‘rkam pardalar tikishni yo‘lga qo‘ydik, – deydi Quvadagi “Leading Flower” xususiy korxonasi rahbari Nabiyaxon Mamajonova. – Faoliyatimiz rivoj topib, kollejni bitirgan besh nafar qizni ish bilan ta’minladik. Bugungi kunda o‘smirlar va xotin-qizlarning turli bichimdagi liboslariga ehtiyoj o‘sib borayotganini hisobga olib, 60 million so‘m miqdoridagi imtiyozli sarmoya evaziga ana shu yo‘nalishda yangi mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish niyatidamiz.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan “BankEXPO – 2016” milliy ko‘rgazmasida “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik-tijorat banki “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlashga qaratilgan loyihalar bo‘yicha tanlov o‘tkazdi. Unda intensiv bog‘ yaratish, baliqchilik, chorvachilik, tikuvchilik va matolar, polietilen, non va non mahsulotlari ishlab chiqarish, servis xizmatlari ko‘rsatish, sog‘lomlashtirish markazi hamda go‘zallik salonlari kabi xizmatlarni rivojlantirishga qaratilgan 180 dan ortiq loyiha ishtirok etdi. G‘oliblar beshta nominatsiya bo‘yicha aniqlandi.
– Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor bois faoliyatimiz tobora kengaymoqda, – deydi “Ishlab chiqarish sohasidagi eng yaxshi loyiha” g‘olibi, chimboylik yakka tartibdagi tadbirkor Damir Abdullayev. – Korxonamiz qurilish ashyolari, jumladan, cherepitsalar, yog‘och mahsulotlari tayyorlash, ularning ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanadi. Bankdan olinadigan 100 million so‘mlik sarmoya evaziga ko‘plab ish o‘rinlari yaratish va mahsulot turini kengaytirish niyatidamiz.
– Xo‘jaligimizda baliqchilik, parrandachilik, chorvachilik va bog‘dorchilik yo‘lga qo‘yilgan, – deydi “Uzoq va borish qiyin bo‘lgan tumanlarda amalga oshirilgan eng yaxshi loyiha” nominatsiyasi sovrindori, Andijon viloyati Bo‘z tumanidagi “Davr yuksalish sari” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Ilhom Hakimov. – Albatta, bunda yurtimizda mulk egalariga yaratilgan imkoniyatlar va banklarning moliyaviy qo‘llab-quvatlashi qo‘l kelmoqda. Bankdan olinayotgan imtiyozli mablag‘ evaziga cho‘ldagi to‘rt gektar yerimizda sun’iy ko‘l tashkil etmoqchimiz.
Ayni vaqtda “Qishloq qurilish bank” taqdim etayotgan kreditlar evaziga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yayotgan ishbilarmonlar safi tobora kengaymoqda. Bu esa xalqimiz farovonligining va aholi bandlik darajasining yanada oshishiga xizmat qilmoqda.