Kredit to‘lanmadi — xonadon “E-auksion” orqali sotildi
Fuqaro tomonidan yashash manzili kreditga olinib, o‘z vaqtida to‘lanmagani oqibatida, mazkur xonadon “E-auksion” elektron onlayn savdolari orqali sotildi.
Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar boshqarmasi Alohida muhim ijro ishlarni ijro etish sho‘’basi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor A.S.dan undiruvchi “O.f.b.” banki AJ foydasiga jami 1 mlrd. 501 mln. 652 ming 400 so‘m qarz undirish belgilangan.
Ijro hujjati 2026-yil 28-yanvar kuni kelib tushgan bo‘lib, shu kunning o‘zida ijro ishi qo‘zg‘atilgan. Qonun talablariga muvofiq, qarzdorga qarzni ixtiyoriy ravishda qoplash uchun muddat berilgan. Biroq belgilangan muddatda qarzdor tomonidan to‘lov amalga oshirilmagan.

Shundan so‘ng majburiy ijro harakatlari boshlanib, garov mulki sifatida qayd etilgan Mirzo Ulug‘bek tumani, Asaka MFY, Asaka ko‘chasida joylashgan ko‘p kvartirali uydagi xonadon belgilangan tartibda xatlandi. Ushbu mulkning boshlang‘ich bahosi 1 mlrd. 750 mln. so‘m etib belgilandi.
Keyinchalik ushbu xonadon “E-auksion” elektron savdolari orqali sotilib, tushgan mablag‘lar hisobidan qarzdorning bank oldidagi 1 mlrd. 501 mln. 652 ming 400 so‘m miqdoridagi qarzdorligi to‘liq qoplandi.

Hozirda ijro hujjati O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunining 41-moddasiga asosan tamomlangan.
Hamroz Bayonov,
O‘zA