“Korxonabay” tizimi orqali byudjetga 7,6 trillion so‘m yo‘naltirildi
"Korxonabay" ishlash tizimi soliq ma’muriyatchiligida yangi yondashuv sifatida o‘z samarasini bermoqda. 2026-yil may oyi yakunlariga ko‘ra, mazkur tizim doirasida davlat byudjetiga 7,6 trillion so‘m soliq tushumlari ta’minlanib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,2 foizga ko‘pdir. Shuningdek, QQS to‘lovchilari, rentabel korxonalar va rasmiy mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi yuqori bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari soni ham sezilarli darajada oshgan.
Mamlakatimizda soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, tadbirkorlar bilan manzilli ishlash hamda byudjet tushumlarini ko‘paytirish maqsadida joriy etilgan «korxonabay» ishlash tizimi o‘zining amaliy samarasini bermoqda. Mazkur tizim doirasida har bir qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisiga alohida soliq inspektori biriktirilgan bo‘lib, korxonalar faoliyati muntazam tahlil qilinib, mavjud muammolarni barvaqt aniqlash va ularga yechim topishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, soliq organlari ma’lumotlar bazasida mavjud axborotlarni monitoring qilish va tahlil etishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilgan. Bu esa soliq to‘lovchilar faoliyatini real vaqt rejimida kuzatish, xavf-xatarlarni erta aniqlash va soliq intizomini mustahkamlash imkonini bermoqda.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yil may oyi yakunlari mazkur tizimning samaradorligini yana bir bor tasdiqladi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan qator muhim iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ijobiy o‘sish qayd etildi. Jumladan, oylik tovar aylanmasi 10 million so‘mdan yuqori bo‘lgan soliq to‘lovchilar soni 90,1 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 11,5 foizga oshdi.
Tovar aylanmasiga nisbatan mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi ulushi 5 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar soni 90,9 mingtaga yetdi. Bu ko‘rsatkich ham o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 foizlik o‘sishni namoyon qildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 80,3 mingta korxonada rentabellik darajasi 1 foizdan yuqori bo‘lgan. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan 25,7 foizga ko‘p bo‘lib, tadbirkorlik sub’ektlari moliyaviy barqarorligi mustahkamlanayotganini anglatadi.
QQS tushumlari bo‘yicha ham ijobiy natijalar kuzatilmoqda. Bir oyda 1 million so‘m va undan ortiq QQS to‘lagan soliq to‘lovchilar soni 42,8 mingtani tashkil etib, yillik o‘sish 10,2 foiz bo‘ldi.
Tovar aylanmasiga nisbatan QQS ulushi 1 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar soni esa 83,3 mingtaga yetib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 26,3 foizga oshgan.
Eng muhimi, «korxonabay» ishlash tizimi natijasida davlat byudjetiga 7,6 trillion so‘m soliq tushumlari ta’minlandi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,2 foizlik o‘sish demakdir. Mazkur raqamlarga soliqsiz tushumlar hamda byudjet tashkilotlari to‘lovlari kiritilmagan.
Ekspertlarning fikricha, mazkur natijalar faqatgina soliq nazorati kuchaytirilganini emas, balki tadbirkorlar bilan hamkorlik asosida ishlash, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va tahlilga asoslangan yondashuvning samarasini ham ko‘rsatadi.
Ayniqsa, har bir QQS to‘lovchisiga mas’ul inspektor biriktirilishi korxonalarning muammolarini tezkor hal qilish, soliq qonunchiligi bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda iqtisodiyotni raqamlashtirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar byudjet barqarorligini ta’minlash, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA