Korxona hududida O‘zLiDeP bog‘i barpo etilmoqda
Bugun yurtimizning har bir hududida yashil bog‘lar barpo etish, ayniqsa, ishlab chiqarish korxonalari yon-atroflarida yashil belbog‘lar tashkil etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri sifatida “O‘zmetkombinat” hududida O‘zLiDeP bog‘i barpo etilmoqda.
Davlatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mazkur korxona hududida O‘zLiDeP bog‘ini barpo etish loyihasiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zmetkombinat” AJ Bosh direktori Bahodir Abdullayev hamda O‘zLiDeP Toshkent viloyati Kengashi raisi To‘lqin Fayziyev ishtirok etdi.
Loyiha doirasida 1,5 gektar maydonda zamonaviy va ko‘rkam yashil hudud tashkil etish rejalashtirilgan. U yerda 500 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, hudud obodonlashtiriladi, yashil maydonlar kengaytiriladi. Shuningdek, korxona xodimlari va shahar aholisi uchun qulay dam olish va sayr qilish sharoitlarini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Yangi bog‘ Bekobod shahrining yashil infratuzilmasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘zLiDeP bog‘ining barpo etilishi atrof-muhitni asrash, havo sifatini yaxshilash va yashil hududlar salmog‘ini oshirish bilan bir qatorda Bekobod shahrining yanada obod va ko‘rkam qiyofasini shakllantirishga hissa qo‘shadi. Hudud iqlimini yaxshilash, yaqin atrofdagi aholi vakillari uchun qulaylik yaratishga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA