Korrupsiyaga qarshi kurashda asosiy kuch nimada?
Korrupsiya jamiyat tanasida asta-sekin ildiz otuvchi, avvalo ishonchni, keyin esa adolat tuyg‘usini yemiruvchi illatdir. U bor joyda qonunning kuchi susayadi, davlat xizmatlarining sifati pasayadi, insonlarning haqli e’tirozi kuchayadi.
So‘nggi yillarda ochiqlik, hisobdorlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada yangi bosqichni boshlab berdi.
Ushbu qarorning ahamiyati shundaki, unda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat idoralari bilan cheklanib qolmasligi, bu jarayonga nodavlat notijorat tashkilotlari, mustaqil ekspertlar, ilmiy muassasalar, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik faol jalb etilishi belgilangan.

Bu boradagi vazifalar hududlarda ham amaliy mazmun kasb etmoqda. Buni Qashqadaryo viloyati misolida ham ko‘rish mumkin. Viloyatda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan aholi hayotiga bevosita daxldor sohalarda korrupsiya xavflarini o‘rganish, jamoatchilik fikrini tahlil qilish va amaliy takliflar ishlab chiqishga qaratilgan qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi viloyat hududiy birlashmasi tomonidan “Tibbiyot sohasida korrupsiyaga barham berish – muhim vazifa” davlat granti loyihasi amalga oshirilgan. Loyiha doirasida 1027 nafar fuqaro ishtirokida sotsiologik tadqiqot o‘tkazilib, tibbiyot sohasida aholini qiynayotgan muammolar, xizmat ko‘rsatish jarayonidagi noqulayliklar va korrupsiya xavflari o‘rganilgan.
Federatsiyaning Shahrisabz tumani jamiyati amalga oshirgan “Ozodalikni saqlashga korrupsiyasiz erishaylik” loyihasi orqali tumandagi 28 ta mahallada 2300 nafardan ziyod aholi qamrab olingan. Loyiha davomida chiqindilarni olib ketish jadvallari joriy etilishi ta’minlangan, xizmat sifati ustidan jamoatchilik monitoringi yo‘lga qo‘yilgan, 1300 nafar aholi o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazilgan.
Mazkur jarayonda oddiy chiqindi olib ketish tizimi ham korrupsiyaga qarshi kurash nuqtai nazaridan muhim ekanini namoyon qiladi. Chunki xizmat vaqtida va sifatli ko‘rsatilmasa, aholi noroziligi ortib boradi, norasmiy kelishuvlar, mas’uliyatdan qochish va hisobdorliksiz munosabatlari paydo bo‘ladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashda faqat jazo choralari bilan cheklanish yetarli emas. Jamiyatda “tanish-bilishsiz ish bitmaydi”, “muammoni pul bilan hal qilish mumkin”, “navbatni aylanib o‘tish oddiy hol” degan qarashlarga barham berilmas ekan, korrupsiyaning ildizi qurimaydi. Shuning uchun fuqarolik jamiyati institutlari, NNTlar va jamoatchilik faollari aholi ongida halollik madaniyatini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
Xorijiy tajriba ham bu fikrni tasdiqlaydi. Masalan, Finlyandiyada davlat xaridlari, tenderlar va davlat mablag‘lari sarfi bo‘yicha ma’lumotlar jamoatchilik uchun ochiq bo‘lib, qarorlar sifat, samaradorlik va jamoat manfaati asosida baholanadi. Bu yerda shaffoflik korrupsiyaning oldini oluvchi tabiiy muhitga aylangan.
Janubiy Koreyada esa davlat idoralari faoliyatini baholashda aholi, ekspertlar va fuqarolik jamiyati institutlari fikriga tayanadigan “halollik indeksi” amaliyoti mavjud. U orqali qaysi sohada korrupsiya xavfi yuqori ekani aniqlanib, manzilli choralar ko‘riladi.
AQSHda esa nodavlat tashkilotlar ochiq ma’lumotlar asosida davlat xarajatlari bo‘yicha mustaqil tahliliy hisobotlar tayyorlaydi va ularni jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadi.
Bu misollar bir haqiqatni ko‘rsatadi: korrupsiyaga qarshi kurashda eng samarali mexanizm – ochiq ma’lumot, mustaqil tahlil va faol jamoatchilik ishtirokidir. Davlat qanchalik ochiq bo‘lsa, fuqaro shunchalik ishonchli hamkorga aylanadi. Fuqaro ishonchli hamkorga aylangan jamiyatda esa korrupsiya yashirin va qulay muhit topa olmaydi.
Amaliyotdagi misollar shundan dalolat beradiki, hududlarda fuqarolik jamiyati institutlari aholi ichidagi aniq muammolarni tezroq ko‘radi, oddiy fuqaro tilida gapiradi va mas’ul tashkilotlar uchun amaliy yechimlar taklif eta oladi. Ayniqsa, tibbiyot, kommunal xizmat, ijtimoiy himoya, ta’lim, davlat xizmatlari va mahalla tizimi kabi aholi bilan kundalik muloqotda bo‘ladigan sohalarda jamoatchilik nazoratining ahamiyati yanada yuqori.
Tahliliy nuqtai nazardan qaraganda, korrupsiyaga qarshi kurashning kelgusi bosqichida uchta yo‘nalish alohida ahamiyat kasb etadi. Birinchisi – ochiq ma’lumotlardan foydalanishni kengaytirish. Ikkinchisi – NNTlar va mustaqil ekspertlarning tahliliy salohiyatini kuchaytirish. Uchinchisi – aholi murojaatlari, so‘rovlar va jamoatchilik monitoringlari asosida aniq sohaviy tavsiyalar ishlab chiqishdir.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash davlat va jamiyat bir yoqadan bosh chiqargandagina samara beradi. Davlat tizim yaratadi, qonun va mexanizmlarni belgilaydi. Fuqarolik jamiyati esa bu mexanizmlarning hayotda qanday ishlayotganini ko‘radi, baholaydi va zarur joyda jamoatchilik ovozini yetkazadi.
Bahrom Eshquvvatov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.