Korrupsiya taraqqiyot kushandasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida xodimlar tomonidan korrupsiya, ta’magirlik, poraxo‘rlik, mansab vakolati doirasidan chetga chiqish kabi jinoyatlar, boshqa salbiy holatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida navbatdagi profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Masofaviy elektron deklaratsiyalash”, “Nukus” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti, “Daut-ota” chegara bojxona posti, “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l chegara bojxona postining smenadan tashqari xodimlari va boshqarmaning shaxsiy xavfsizlik bo‘limi xodimlari ishtirok etgan tadbirda xizmatni o‘tash davrida korrupsiya va ta’magirlik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi davomida bojxona chegarasi orqali harakatlanayotgan fuqarolar bilan xushmuomala bo‘lish, xizmat vakolatlari doirasidan o‘z shaxsiy manfaati yo‘lida foydalanmaslik bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

– Joriy yilning o‘tgan davrida shaxsiy tarkibning xizmat va ijro intizomiga rioya qilishi, ular tomonidan salbiy holatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida xodimlar ishtirokida 64 marotaba umumiy-profilaktika tadbiri o‘tkazildi, – deydi boshqarmaning shaxsiy xavfsizlik bo‘limi katta tezkor vakili A.Allamov. – Shuningdek, 223 nafar xodim bilan yakka tartibda tarbiyaviy-profilaktik suhbat olib borildi.
Boshqarma xodimlari o‘rtasida sog‘lom ishchanlik muhitini shakllantirish, ular tomonidan korrupsiya jinoyatlari va boshqa salbiy holatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida, shaxsiy xavfsizlik bo‘limi tashabbusi bilan 36 nafar xodim boshqarmaning boshqa bojxona postlari va bo‘limlariga rotatsiya tariqasida o‘tkazildi. 70 marotaba yashirin tarzda tekshiruvlar o‘tkazilgan bo‘lib, buning natijasida xizmat vazifasini bajarish davomida kamchiliklarga yo‘l quygan 7 nafar xodim intizomiy jazoga tortildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA