Korrupsiya – odatga aylangan jinoyatmi?
Korrupsiya jamiyat rivojidagi eng katta toʻsiqlardan biridir.
Korrupsiya jamiyat rivojidagi eng katta toʻsiqlardan biridir. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ham mazkur muammoni hal qilishga qaratilgan bir qator islohotlar amalga oshirilishi natijasida mamlakatimizning korrupsiyaga qarshi kurashga ixtisoslashgan nufuzli xalqaro tashkilotlarning reytinglaridagi mavqei sekinlik bilan boʻlsada, yaxshilanib bormoqda.
Masalan, “Transparency International” xalqaro tashkilotining
2019-yilgi reytingida Oʻzbekiston 153-oʻrinni egallagan boʻlib, mamlakatimizning korrupsiyaga qarshi kurashish dinamikasi 17%dan 25%ga oshgani eʼtirof etilgan.
Xalqaro “Rule of Law Index”sining 2020-yilgi statistik koʻrsatkichlarida Oʻzbekiston “Korrupsiyaning yoʻqligi” indikatori boʻyicha 0.40 ballni olgan. Oʻtgan yilga qaraganda bu sohada umumiy oʻsish 0.2%ni tashkil etadi.
NEGA KORRUPSIYA OʻZBEKISTONDA HAMON JIDDIY MUAMMO?
Huquqiy nuqtai-nazardan korrupsiyaga qarshi barcha choralar koʻrilmoqda: “Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida” alohida qonun qabul qilindi, davlat organlarida korrupsiya holatlarini oldini olishga qaratilgan idoraviy ichki hujjatlar ishlab chiqildi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi, korrupsiya uchun ogʻirroq jazo chorasi tayinlandi, ommaviy axborot vositalarida targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Lekin, masalaning yana bir tomoniga, muammoning ijtimoiy jihatiga, yaʼni jamiyatning korrupsiyaga nisbatan munosabati va nuqtai-nazariga alohida eʼtibor qaratish lozim.
Afuski, korrupsiyaning jamiyatdagi ijtimoiy norma sifatida oʻrni haligacha oʻz ahamiyatini saqlab turibdi. Koʻpchilikda davlat xizmatiga qoʻshimcha daromad manbai sifatida qarash hozirgacha mavjud. Fuqarolar korrupsiyaga oʻz muammolarini tez hal etish vositasi sifatida munosabat bildirishda davom etmoqda.
Maʼlumot uchun: prokuratura organlarining 2020-yil 1-yarmidagi ish faoliyati toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlarga koʻra, 2020-yilning birinchi yarmida prokuratura organlarida poraxoʻrlik boʻyicha 670 ta jinoyat ishi roʻyxatga olingan.
XORIJ TAJRIBASI
Xorij davlatlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning turli usullari qoʻllangan. Jumladan, Singapurda korrupsiyaga qarshi kurash tizimi va antikorrupsiya byurosini kuchaytirishga, Yaponiyada davlat xizmatchilarining kasb etikasiga amal qilinishiga alohida eʼtibor qaratilgan boʻlsa, Finlyandiyada aholi mentaliteti va soʻz erkinligiga, AQSH, Buyuk Britaniya kabi davlatlarda sud hokimiyati mustaqilligi, matbuot faolligi, sudyalarning kasb etikasi muhim ahamiyatga ega boʻlgan.
Shvetsiyada davlat xizmatchilariga yuqori ish haqi toʻlash korrupsiyaga qarshi kurashning asosiy shartlaridan hisoblangan boʻlsa, Singapur, Xitoy singari davlatlarda korrupsiya uchun oʻta ogʻir jazo choralari belgilash ustuvorlik qilgan. Lekin ushbu holatlar korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasining faqat moddiy tarafidir.
Korrupsiyani minimal darajada pasaytira olgan davlatlarda davlat hokimiyati bilan jamiyat korrupsiya masalasida aniq kelishuvga erishishgan, yaʼni ular korrupsiyani jamiyat tartibini buzuvchi holat sifatida tan olishgan.
Oʻzbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarida aynan shu holatga eʼtibor qaratilishi lozim, yaʼni fuqarolar ongiga davlat xizmatchilari davlat xizmatidagi vazifasiga qoʻshimcha pul keltiradigan vosita, aholi esa korrupsiyani muammolarini tez hal etadigan yechim sifatida qarashdan voz kechish gʻoyasi singdirilishi lozim.
Markaziy London Politexnika institutining (hozirgi Vestminster universiteti) iqtisodiyot kafedrasi katta maʼruzachisi D. Shekltonning fikricha, davlat qaysidir shaklda jamiyat hayotini boshqarar ekan, u korrupsiyaning muayyan darajasi bilan murosa qilishiga toʻgʻri keladi.
Xalqaro “Rule of Law Index”sining 2020-yilgi statistik koʻrsatkichlarida Oʻzbekistonning “Xavfsizlik va tartib” indikatori 90%ni tashkil etadi, Yaʼni davlat uchun mamlakatning xavfsizligi va huquqiy tartibi birinchi darajali ahamiyatga ega. Lekin, fundamental inson huquqlari, davlatning ochiqligi, davlat hokimiyati huquqlarini cheklash sohasida mamlakatimiz koʻrsatkichlari nisbatan pastligini koʻrishimiz mumkin. Vaholanki, ushbu indikatorlar korrupsiyani tabiiy holda cheklovchi mezonlar hisoblanadi.
“Transparency International” xalqaro tashkiloti raisi Delia Ferreira Rubio aytganidek, korrupsiya demokratik poydevorlar zaif boʻlgan joylarda muvaffaqiyatli rivojlanadi. Xorijiy davlatlarning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatida fundamental inson huquqlari, davlatning ochiqligi, davlat hokimiyati huquqlarini cheklash masalalariga katta eʼtibor qaratilgan hamda bu jamiyat va davlatning korrupsiyaga qarshi kurash masalasida oʻzaro kelishishiga sabab boʻlgan.
Kaliforniya universitetining (Los Anjeles, AQSH) siyosiy fanlar kafedrasi katta oʻqituvchisi D. Treysmen shuni qonuniyat deb taʼkidlaydiki, demokratiya boʻyicha katta tarixiy tajribaga ega boʻlgan davlatlarda bunday tajribaga ega boʻlmagan yoki tajribasi kam boʻlgan davlatlarga qaraganda korrupsiyaning darajasi pastligi kuzatiladi. Darhaqiqat, “Transparency International” xalqaro tashkiloti roʻyxatidagi korrupsiya darajasi past boʻlgan AQSH, Shvetsiya, Finlyandiya, Singapur, Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Yaponiya davlatlarida demokratiya yuqori darajada.
Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, ushbu davlatlardagi singari soʻz erkinligi, OAV mustaqilligi, jamoat birlashmalarining faolligini mumkin qadar oshirish korrupsiya darajasining pasayishiga taʼsir koʻrsatadi.
Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirib, shuni xulosa qilish mumkinki, korrupsiya davlat va jamiyat rivojidagi ichki dushmandir. Korrupsiyaning mavjudligi jamiyatning muayyan qatlamlarini qoniqtirar ekan, u yoʻqolmaydi.
Korrupsiyani ijtimoiy qadriyat sifatidagi ahamiyatini yoʻqotishning rivojlangan xorijiy mamlakatlar tomonidan tan olingan usullaridan biri bu demokratik qadriyatlarni mustahkamlash va demokratik islohotlarni chuqurlashtirishdir.
Zafar Ergashev,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti masʼul xodimi