Korrupsiya muqarrar falokatdir
Jamiyat ulkan daraxt, uning ildizi halollik, adolat, qonun ustuvorligi kabi hayotiy quvvatlardan oziqlanadi. Insoniyat paydo bo‘libdiki, barham berishga harakat qilayotganimiz korrupsiya atalmish og‘ir dard jamiyat ildizini yemiruvchi qurtdek islohotlarning samarasini susaytirmoqda. Uni bartaraf etmas ekanmiz, jamiyat daraxti meva tugib, gurkirab o‘solmaydi. Kelajak avlod bu daraxtning saxovatidan bahramand bo‘lolmaydi.
Mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurishning umumiy strategiyasini amalga oshirish doirasida qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish yuzasidan qator chora-tadbirlar izchil amalga oshirib kelinmoqda.
Tarixan qisqa davr ichida mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlashning institutsional va huquqiy asoslari shakllantirildi, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimi yaratildi.
Mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni amalga oshirish davomida milliy qonunlarga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalarini singdirish masalasiga alohida e’tibor berildi va bu munosabat 2008 yilda qabul qilingan «Birlashgan Millatlar Tashkilotining korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktyabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida»gi Qonunda o‘z aksini topdi.
2010 yilda O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istambul harakat dasturiga qo‘shildi.
So‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan bir qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan, Byudjet va Bojxona kodekslari (yangi tahrirda), «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi, «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi, «Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi, «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi, «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi.
Hozir jamiyat hayotida tub o‘zgarishlar, islohotlar va yangicha rivojlanish davri kuzatilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan yangilanishlar xalqimizning farovon turmush kechirishiga xizmat qilishi, shubhasiz.
Davlat rahbari tomonidan hamisha korrupsiya ta’lim-tarbiya tizimi uchun eng katta xavf va birinchi raqamli dushman sifatida e’tirof etiladi.
Oliy ta’limni “korrupsiyasiz soha” nomli loyiha asosida bir yil davomida ikkita chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. Jinoyat kodeksida ham bir qator moddalarda korrupsiya, nepitizm, poraxo‘rlikka qarshi jazolar keltirib o‘tilgan.
Olib borilayotgan ishlar natijasida “Islohot, islohot uchun emas, xalq uchun, uning manfaatlari uchun” degan tamoyil olg‘a surilayotganligini ko‘rish mumkin. Lekin shunga qaramasdan jamiyatda “boqimandalik” kayfiyatida yashayotgan, korrupsiya atalmish mudhish illatni yuzaga keltirayotgan va bu illatning qurboni bo‘layotgan insonlar ham oramizda uchramoqda. Ayniqsa, bu illatni ta’lim tizimida uchrashi ta’lim sifatining hamda mamlakatdagi odillik prinsipining buzilishiga olib kelyapti.
Ta’limdagi korrupsiya bu eng oliy jinoyat demakdir. Kimyogarlar tili bilan aytganda “Korrupsiya – bu jamiyatning korroziyasidir”.
Korrupsiya muqarrar falokatdir. U kelajakka ishonch, umid ruhini so‘ndiradi. Jamiyatda ruhsiz va kayfiyatsiz insonlarning ko‘payishiga, o‘g‘rilik, kazzoblik, ayyorlik kabi illatlarning palak yozishiga sabab bo‘ladi.
Oliy ta’lim tizimidan ko‘zlangan maqsad, jamiyatga oliy ma’lumotli kadrlarni yetkazishdan iborat. Agar biz korrupsiyaga yo‘l qo‘ysak, oliy ta’lim tizimi oldiga qo‘ygan maqsadiga erisholmaydi. Mutaxassisning qadri diplom bilan emas, saviyasi bilan o‘lchanmas ekan, xatolar sodir etilaveradi.
Islohotni maishiy korrupsion holatlarning oldini olishdan boshlashimiz darkor. Korrupsiyaga qarshi faqat siyosat bilan emas, jamiyatda sog‘lom fikrlashni yo‘lga qo‘yib, kurashsak maqsadga erishamiz. Muxtasar qilib aytganda, ta’lim sohasidagi korrupsiya, sud tizimi, ijroiya organlari tizimidagi korrupsiya muammolari bilan bir qatorda turishi lozimdir.
Obidjon Hamidov,
Buxoro davlat universiteti rektori,
professor.
O‘zA