Korrupsiya jamiyatni izdan chiqaradi
Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tuman va shahar bo‘limlarida korrupsion holatlarning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari, xodimlari, tuman, shahar bo‘limlari hamda ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, ayniqsa, ta’lim tizimini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-13101]
Andijon va Izboskan tumanlarida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda boshqarmaning korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorati bosh mutaxassisi N.Ahmedov va boshqa mas’ullar tomonidan maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi ta’lim muassasalarida korrupsion holatlarning oldini olish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarga qarshi murosasiz kurashish, maktablarda 1- sinfga qabul va dars taqsimotlarini belgilangan tartiblar asosida shaffof tarzda amalga oshirish muhim ekanligi alohida qayd etildi.
– Korrupsiya ta’lim tizimini, umuman, jamiyatni izdan chiqaradigan, parokandalikka olib keladigan illat, – deydi boshqarma bosh mutaxassisi N.Ahmedov. – Shu bois ham ushbu illatga qarshi murosasiz kurashishimiz, buning uchun ayniqsa, tizimdagi har bir rahbar mas’ul ekanligini unutmasligimiz lozim.
Yig‘ilishlarda korrupsion holatlar kelib chiqishining oldini olish, bu boradagi profilaktik ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan ishtirokchilarga topshiriq, taklif va tavsiyalar berildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA