Korrupsiya — jamiyat taraqqiyotiga tahdid (+video)
Huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan davra suhbati tashkil etildi. Unda Toshkent shahar sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari hamda soha xodimlari qatnashdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-apreldagi “Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari mustaqilligini ta’minlash hamda faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan ustuvor vazifalarga asosiy e’tibor qaratildi. Shuningdek, mamlakatimizda odil sudlovni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyati ishtirokchilarga tushuntirildi.
“O‘zagrosug‘urta” AJ hamda Toshkent shahar sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari tomonidan ochiq muloqot o‘tkazildi, - deydi Toshkent shahar sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Allomaxon Mamirova. – Bu muloqotda aynan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha respublikamizda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga alohida urg‘u berildi. Mazkur muloqotda sudyalar hamda “O‘zagrosug‘urta” rahbariyati va xodimlari o‘rtasida qizg‘in savol-javoblar bo‘ldi. Ko‘pgina masalalarga oydinlik kiritildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha korrupsiyadan xoli jamiyat -davlatning barqaror rivojlanishi uchun muhim poydevordir. Shu nuqtai nazardan byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, fuqarolarning mas’uliyatini oshirish hamda davlat va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bugungi kun talabidir.
Tadbirda halollik, adolat, mas’uliyat kabi fazilatlar yosh avlod ongida shakllantirilishi eng avvalo oiladan boshlanishi lozimligi aytildi. Bu esa milliy qadriyatlarimiz va ma’naviy an’analarimizning ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. Davra suhbatida korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga jiddiy xavf tug‘diruvchi illatlardan biri ekani, unga qarshi samarali kurashish uchun davlat va jamiyat birgalikda harakat qilishi zarurligi alohida qayd etildi.
Shu kuni “O‘zagrosug‘urta”ning hududiy filiallari bilan ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn aloqa bog‘lanilib, ularning korrupsiyaga qarshi kurash va oldini olish bo‘yicha ishlari o‘rganildi hamda bu illatga qarshi samarali kurash mexanizmlarini shakllantirish bo‘yicha berilgan savollarga iqtisodiy sudyalar tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi.
Tadbir yakunida bu kabi uchrashuvlarni viloyatdagi filiallarda ham o‘tkazishga kelishib olindi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/fNDyYMZVYYA?si=GFB9VKtkdowq1aPc" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA